O‘zbekiston dorixonlarida ayni paytda sotuvda bo‘lgan, “VIPS-MED” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “BAR-VIPS” preparatiing sertifikatlashtirilmagan 520723 seriyasi aniqlandi!

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” aholini og‘iz orqali yuborish uchun mo‘ljallangan suspenziya tayyorlash kukuni shaklidagi “BAR-VIPS” preparatining 520723 seriyasi sertifikatlashtirilmaganidan  ogohlantirmoqda. Ayni paytda markaz laboratoriyasida mazkur dori vositasining sifati tekshirilmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda 15 ming 799 ta dorixonalar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ushbu dorixonalar peshtaxtalarida “BAR-VIPS” preparatining sertifikatlashtirilmagan  520723 seriyasi butkul olib tashlanmagan bo‘lishi  mumkin.

Shu bois “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” O‘zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligidan, mulkchilik va boshqaruv shaklidan qat’iy nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, “BAR-VIPS” preparatining sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan 520723 seriyasi (yaroqlilik muddati 08.2025) ni  zudlik bilan sotuvdan chiqarib tashlashini so‘ramoqda.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislaridan “VIPS-MED” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “BAR-VIPS” dori vositasini tibbiy maqsadlarda qo‘llash vaqtida o‘ramda ko‘rsatilgan seriyalarga e’tibor berishni hamda “BAR-VIPS” preparatining 500820, 530820, 510820, 520820, 540820, 370622, 380622, 480722 seriyalarigina tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tasdiqlanganligi ma’lum qilindi.

Sertifikatlashtirilgan farmatsevtika mahsulotlari haqida esa ushbu (https://uzpharm-control.uz/uz/registries/certified-medicines ) havola orqali tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun, “BAR-VIPS” dori preparatining 500820, 530820, 510820, 520820, 540820, 370622, 380622, 480722 kabi seriyalarigina mamlakatimizda tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan bo‘lib, ularning sifatini tasdiqlovchi tegishli muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash yoki realizatsiya qilish litsenziya talablari va shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi. Bu esa  berilgan litsenziyani bekor qilishga olib keladi.

M.Eshmirzayeva, O‘zA