Ertaga Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston va Xitoy: ikki xalq farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Shuningdek, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekistondagi Xitoy korxonalari Savdo-sanoat palatasi va Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi ham forum hamkorlari hisoblanadi.

Ikki davlat yetakchi tahliliy markazlari, vazirlik va idoralar vakillari, mamlakatimizdagi Xitoy kompaniyalari rahbarlari ishtirok etadigan muloqot davomida davlatimiz rahbarining joriy yil 23-25-yanvar kunlari Xitoyga davlat tashrifi, jumladan XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari natijalari muhokama qilinadi.

Yetakchilar tomonidan imzolangan Qo‘shma bayonotda “Yangi davr uchun har qanday ob-havo sharoitida keng qamrovli strategik sheriklik” o‘rnatilishi e’lon qilingan. Tashrif doirasida 15 ta hukumatlararo, idoralararo va hududlararo bitim tuzilgan. Xitoy banklari tomonidan loyihalar moliyalashtirilishi ko‘lamini kengaytirish, yurtimizda Eksport-import banki vakolatxonasini ochish, Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan yangi Investitsiya platformasi yaratish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Infratuzilmani rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasi dasturlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Anjuman davomida strategik sheriklikni chuqurlashtirish, sanoat va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston ishbilarmon doiralari va Xitoyning mamlakatimizdagi yetakchi kompaniyalari vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijtimoiy samarasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, aloqalarning ikki mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sirini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari suriladi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA