Qirg‘iz teatri Orolbo‘yida

Baken Kidikeeva nomidagi Qirg‘iz davlat yosh tomoshabinlar va o‘smirlar teatri jamoasi ijodiy safar bilan Orolbo‘yida bo‘ldi.

Mehmonlar I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi va Nukus shahrining boshqa diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi. Qirg‘iziston xalq artisti Nazira Mambetova, Qirg‘iz Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Temirlan Smanbekovlar Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri jamoasi bilan uchrashdi va mahorat darslarini o‘tdi.

Qoraqalpoq teatr ixlosmandlari e’tiboriga qirg‘iz dramaturgi Kayrat Imanaliyevning “Umid” nomli monospektakli havola etildi.

ERASMUS+ dasturi faoliyatiga bag‘ishlandi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Yevropa ittifoqining ERASMUS+ dasturi faoliyatiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Talaba-yoshlarga milliy ekspertlar tomonidan Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturining maqsadi va vazifalari, dastur doirasida amalga oshirilgan yirik loyihalar, erishilgan natijalar xususida atroflicha ma’lumotlar berildi. Ushbu dastur intiluvchan yoshlarni ta’lim va sport sohasidagi loyihalarga jalb qilgan holda ularni amaliy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilarga “Oliy ta’limda salohiyatni rivojlantirish” yo‘nalishi bo‘yicha tanlab olingan loyihalar va ularga ajratilgan byudjet mablag‘lari bo‘yicha statistik ma’lumotlar taqdim etildi.

Talabi-yoshlar dastur bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

“Oqtuba”da yangi bog‘cha foydalanishga topshirildi

Kegeyli tumani “Oqtuba” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 180 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tubdan isloh qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi muassasalar tashkil etish, bolalar qamrovini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Yangi bog‘cha uchun respublika byudjeti hisobidan 6 milliard 305 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, qurilish ishlari “Granit montaj stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri