Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtati bosh vaziri Yogi Adityanatx dushanba kuni Janubiy Osiyodagi eng yirik o‘q-dori ishlab chiqaruvchi majmuaning birinchi qismi ishga tushirilganini e’lon qildi. Korxona mamlakat qurolli kuchlari hamda huquq-tartibot idoralarini o‘q-dori bilan ta’minlashga mo‘ljallangan.
“The Economic Times” gazetasi yozishicha, Kanpur shahrida bunyod etilgan zavod, rejaga ko‘ra, yiliga 150 million dona o‘q tayyorlab, mamlakatning yillik ehtiyojini 25 foiz qondiradi. Kelgusida ishlab chiqarish maydoni kengaytirilib, eng yangi texnologiya asosida zambarak snaryadining 40 dan ortiq turi, yaqin masofaga mo‘ljallangan zenit raketasi tayyorlanadi. Bundan tashqari, majmuada “Negev” qo‘l pulemyoti, “Uzi” avtomati, merganlik miltig‘i va to‘pponcha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada Hindiston qurol-yaroq eksportini 50 milliard dollarga yetkazish imkoniga ega bo‘ladi.
– So‘nggi geosiyosiy voqealar uzoq davom etadigan mojarolarga tayyorlanish uchun o‘q-dorini ichki manbalar orqali ta’minlash to‘g‘ri yo‘l ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda, – dedi korxona ochilishi marosimida so‘zga chiqqan Hindiston quruqlik qo‘shinlari shtabi boshlig‘i general Manoj Pande.