Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi va tovarlarni klassifikatsiyalash guruhi xodimlari tomonidan hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan birining nomiga import tartibida xorijdan olib kirilgan tovarlar qayta monitoring qilindi.
Natijada hujjatlarda tegishli tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha “Issiq amiaklangan sho‘r suv uchun markazdan qochma nasos” tovari kodi ostida olib kirilgan jami 12 ta nasos aslida boshqa tovar ekanligi fosh etildi. Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan nasoslarning aynan ushbu turi uchun bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz berilishi nazarda tutilgan. Tadbirkor aslida bu turdagi nasosni emas, aksincha, imtiyozga tushmaydigan boshqa turini olib kirgan bo‘lsada, go‘yoki imtiyozga tushadigan turi deb ko‘rsatib, bojxona to‘lovlaridan qochishga uringan.
Ushbu holatda bojxona to‘lovlaridan taqdim etilgan imtiyozlar bekor qilinib, davlat byudjetiga 608 million 137 ming so‘m qiymatidagi bojxona to‘lovi undirib olindi.
Xuddi shu turdagi nasos tovarlari bilan bog‘liq yana bir holatda boshqa bir tadbirkorlik sub’ekti nomiga olib kirilayotgan jami 29 dona nasos tadbirkor tomonidan “imtiyozli tovar” deya ko‘rsatilgan bo‘lsada, “Nukus” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan bojxona nazorati amalga oshirilishi jarayonida olib kirilgan tovar kodlari hujjatlarda ko‘rsatilgan tovarlarnikiga mos emasligi aniqlandi. Ushbu holatda jami 2 milliard 206 million so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovi davlat byudjetiga undiriladigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri