Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” festivali doirasida “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Millatlararo totuvlik” asosiy yo‘nalish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, Orolbo‘yida faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori vazifasini bajaruvchi Q.Qodirov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari  T.Atamuratov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda yashovchi barcha millat va elat vakillarining huquq hamda erkinliklarini ta’minlashga, jamiyatda millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilayotgan keng ko‘lamli ishlar alohida tilgan olindi.

Ta’kidlanganidek, har qanday davlatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik mamlakat taraqqiyotiga zamin yaratadi.  Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari o‘zaro tinchlik va  hamjihatlikda istiqomat qilmoqda. Bu Yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan hamda izchil amalga oshirilayotgan insonparvarlik va adolatparvarlik tamoyillari asosiga qurilgan siyosatning natijasidir.

Mamlakatimizda barcha fuqarolarning huquq va erkinligi, manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, millatga xos an’ana hamda qadriyatlarni hurmat qilish, rivojlantirishlar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostidagi do‘stlik va madaniyat festivali ushbu maqsadga xizmat qilmoqda. Ushbu festival yoshlarni millatchilik va ekstremizm aqidalariga qarshi mafkuraviy immunitetga ega, mustaqillik g‘oyalariga sodiq bo‘lgan barkamol avlod qilib tarbiyalashda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.

– Asrlar davomida turli millat va elatlar mamlakatimizda mustahkam do‘stlikda yashab kelgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qozoq milliy-madaniy markazi raisi Asqar Umbetayev. – Yurtimizdagi turli elatlarning milliy markazlari davlat tadbirlari va umumxalq bayramlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan bunday festivallar  esa bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo hamda  fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlashga, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda turli millat vakillarining milliy urf-odat va dasturlari aks ettirilgan ko‘rgazmalar namoyish etildi.

Talaba-yoshlar ijrosidagi Vatan, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

 

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri