O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbulda dunyoning yetakchi “aql markazlari” bilan muloqot o‘tkazdi

474

Istanbul shahrida Turkiyaning “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi tomonidan 27-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti tashkil etildi. Sammitda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “O‘zbekiston – 2030″ strategiyasida iqtisodiy sohada belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar haqida ma’ruza qildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.

Jumladan, unda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash” ustuvor yo‘nalishida kelgusi yetti yilda milliy iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan ta’minlash, investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirish,  ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish kabi qator strategik maqsadlar haqida ma’lumotlar berildi.

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadigan Yevroosiyo iqtisodiy sammitida 40 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin siyosatchi, xalqaro tashkilotlar, akademik doiralar, tahlil markazlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Sammitda O‘zbekiston delegatsiyasi va xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi “aql markazlari” o‘rtasida muloqotlar o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

A. RUSTAMOV, O‘zA