Poytaxtimizda 1-3 mart kunlari dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqa o‘tkaziladi.
Hozirda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Toshkent viloyatidagi “Dukent” sport bazasida mazkur musobaqa oldidan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Ilias Iliadis boshchiligida o‘tayotgan yig‘inda polvonlarimiz texnik va taktik hamda jismoniy holatni yaxshilovchi mashg‘ulotlarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, Toshkentda “Katta dubulg‘a” turniriga ayollar o‘rtasidagi terma jamoamiz ham munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular bilan birga hozirda Qozog‘iston ayollar terma jamoasi ham qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Katta dubulg‘a” musobaqasida dunyoning 72 davlatidan 500 nafardan ziyod dzyudochilar medallar bilan bir qatorda “Parij-2024″ Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolari uchun ham kurashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA