Gaaga sudi G‘azo sektoridagi harbiy harakat yuzasidan Isroilga qarshi chora ko‘rish so‘ralgan yana bir da’voni rad etdi. 19 fevralda boshlangan jarayonda Isroil 1967 yildan beri Falastin hududiga daxlqilib kelishi oqibati muhokama qilinmoqda. Bu haqda “Nemis to‘lqini” (dw.com) xabar bergan.

Xalqaro sud G‘azo janubida, Misr bilan chegarada joylashgan Rafoh shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan harbiy amaliyot tufayli Isroilga qarshi profilaktik chora ko‘rmaslikka qaror qildi. Ayni vaziyat Janubiy Afrika Respublikasi va Isroil o‘rtasidagi huquqiy nizo natijasidir.

9 fevral kuni Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Rafohda harbiy operatsiya boshlash rejasini ma’lum qilgach, 12 fevralda ilk zarba amalga oshirdi. G‘azo sog‘liqni saqlash tizimi o‘shanda 67 kishi halok bo‘lgani haqida ma’lumot tarqatdi. Misr, agar isroillik harbiylar Rafohga kirsa, 1979 yildagi tinchlik bitimi to‘xtatilishi bilan Isroilga tahdid qildi.

12 fevral kuni qo‘zg‘atilgan ikkinchi da’voda JAR Xalqaro suddan “o‘z tashabbusiga ko‘ra” ish yuritish, ya’ni Isroilga qarshi chora ko‘rishni so‘radi. Pretoriya o‘z da’vosini Rafohdagi harbiy amaliyot “ommaviy qotillik, jiddiy zarar va vayronagarchilik” olib kelishi ehtimoli bilan asoslagan.

Sud da’voni rad etdi.

– Xavfli vaziyat avvalgi qarorda ko‘zda tutilgan choralarni taqozo etmokda, –deyiladi Gaaga sudi 16 fevralda e’lon qilgan bayonotda. – Ayni choralar butun G‘azo sektori, jumladan Rafohda xam amalga oshirilishi kerak.

Bu yerda gap o‘tgan yil 29 dekabrda JARning Isroilga qarshi birinchi da’vosi bo‘yicha chiqarilgan qaror haqida ketyapti. O‘shanda Afrika davlati Isroilni 1948 yilgi genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini buzganlikda ayblagan.

26 yanvar kuni qabul qilingan hujjatda Xalqaro sud Isroilga mazkur konvensiyaga tegishli har qanday harakatdan tiyilish, mudofaa kuchlari G‘azo sektorida genotsid harakatini sodir etmasligini ta’minlashni buyurdi. Bundan tashqari sud Isroil Falastin hududlaridagi begunoh aholiga gumanitar yordam yetkazilishiga ruxsat berishi kerak, degan qarorga keldi.

Farmonga ko‘ra, Isroil 26 fevralga qadar ushbu chora-tadbirlar amalga oshirilgani to‘g‘risida hisobot taqdim etishi kerak.

Isroil G‘azo sektorida XAMASga qarshi harakat bo‘yicha barcha ayblovlarni rad etib, 2023 yil 7 oktyabrdagi 1200 ga yaqin odam o‘ldirilgan, 250 dan ziyod kishi garovga olingan hujumga javoban, XAMAS radikal islomiy harakatiga qarshi G‘azo sektorida harbiy operatsiya o‘tkazayotganini ta’kidlagan.

XAMAS nazoratidagi sog‘liqni saqlash tizimi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoda 28 700 odam halok bo‘lgan. Mustaqil manbalardan tarqatilgan bu ma’lumotni tekshirish iloji yo‘q.

Isroil, Yevropa Ittifoqi va AQSH XAMASni terror tashkilotisifatida tan olgan. Germaniya va Britaniya kabi eng yaqin ittifoqchi davlatlar ham Isroilni G‘azo janubidagi Rafohda harbiy amaliyot o‘tkazish oqibatidan ogohlantirdi. Shaharda sektorning boshqa hududlaridan kelgan qochqinlar bilan birga milliondan ko‘p aholi istiqomat qiladi.

Isroil avvalroq hududni “xavfsiz”, deb e’lon qilgan edi. Netanyaxu o‘tgan hafta harbiylarga Rafohda quruqlik amaliyotiyaga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan.

BMT sudi Falastin hududlarini bosib olish oqibati yuzasidan xulosa tayyorlamoqda. Gaaga sudi 19 fevraldan beri hozirgi vaziyatdan tashqari “Isroilning bosib olingan Falastin hududi, jumladan Sharqiy Quddusdagi siyosati va amaliyotidan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar” masalasi bo‘yicha ham xulosalarni tinglayapti. BMT Bosh Assambleyasi suddan 2022 yil dekabrda, ya’ni Isroil va XAMAS urushi boshlanishidan oldin bu masala bo‘yicha fikr bildirishni so‘ragan. BMT nazdida “Bosqin qilingan Falastin hududlari”ga Isroil tomonidan ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohil ham kiradi.

BMT BAning 2022 yil 30 dekabrdagi rezolyutsiyasida boshqa jihatlar qatori G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda yahudiy aholi manzillari qurilishi bilan bog‘liq turli masalalar ham ko‘tarilgan. Xususan, falastinlik oddiy aholini isroillik ko‘chmanchilar zo‘ravonligidan himoya qilish zarurligi qayd etilgan. Shuningdek, Isroil tomonidan mintaqa “samarali qamal” qilinishi tufayli yuzaga kelgan G‘azodagi “halokatli gumanitar vaziyat” ham nazarda tutilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, 1967 yil Olti kunlik urush payti qo‘lga olingan 600 mingga yaqin isroillik G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ular uchun qurilgan 200 dan ortiq aholi manzilida istiqomat qiladi. Falastinliklar bu hududni o‘z davlatining bir qismi, deya da’vo qilishadi. Germaniya va Qo‘shma Shtatlar, jumladan, “ikki xalq uchun ikki davlat yaratish” bo‘yicha muzokara jarayonining bir qismi sifatida ushbu masalada ularni qo‘llab-quvvatlamokda. Isroil tomonidan turar-joy qurilishi xalqaro huquq buzilishi sifatida baholangan.

BMT Bosh Assambleyasi o‘z so‘rovida Gaaga sudidan “Isroilning Falastin hududlarini ishg‘ol qilishi, turar-joy qurishi va anneksiya jarayonini davom ettirishi natijasida Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilashi bilan bog‘liq huquqi uzluksiz buzilishi” tufayli yuzaga keladigan huquqiy oqibatlarni baholashni so‘ragan.

Rezolyutsiyada falastinliklar bo‘lajak davlati poytaxti, deb biladigan Sharqiy Quddusga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “Muqaddas Quddus shahrining demografik tarkibi, xususiyati va maqomini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar”ga aniq baho berish talab qilingan.

Isroil 1980 yil Quddusni davoatning “yagona va abadiy” poytaxti sifatida e’lon qildi. “De-fakto” anneksiya sifatida qabul qilinadigan bu harakatni aksar davlatlar tan olmaydi.

Xalqaro sudda 50 dan ortiq davlat vakillari tinglanadi. Eshituv Falastin vakillari bayonoti bilan boshlandi. Ularga 3 soat vaqt berildi. 26 fevralga qadar jami 52 davlat vakili chiqish qiladi. Arab Ligasi, Afrika Ittifoqi va Islom hamkorlik tashkilotiga ham yarim soatdan vaqt ajratilgan.

Tinglovda ishtirok etayotgan davlatlar qatorida Niderlandiya, Belgiya, Ispaniya va Fransiya kabi YeI tarkibidagi bir necha mamlakat bor. AQSH va Kanada ham vaziyatga izoh beradi. BMTning 193 a’zosidan 140 ga yaqini Falastinni davlat sifatida tan oladi. AQSH, Germaniya va boshqa G‘arbiy Yevropa davlatlari bundan mustasno.

Tinglov yakunida Xalqaro sud tegishli hisobot e’lon qilib, BMT Bosh Assambleyasiga olib chiqilgan huquqiy masala haqida ma’lumot beradi.

Jarayonda rasman ishtirok etmaydigan Isroildan BMT sudi kelajakda zarur ma’lumot so‘rashi mumkin. Isroil sudga yozma ravishda o‘z qarashini bildirgan, biroq 19 fevraldan boshlab tinglovda ishtirok etayotgan davlatlar qatorida emas.

Muharrama Pirmatova, O‘zA