Amerikaning “Odisseys” xususiy fazo kemasi Oyning janubiy qutbi yaqiniga muvaffaqiyatli qo‘ndi, deb xabar tarqatdi NASA.

“Mashinamiz Oydaligini tasdiqlash mumkin, chunki signal olyapmiz, “Odisseys” yangi manzil topdi”, – dedi parvoz direktori translyatsiya vaqtida.

15 fevral kuni Yerdan uchirilgan kosmik kema avtonom tarzda qo‘ndi. Parvozni boshqarish markazi bilan aloqa yo‘qolgach, qo‘nishning taxminiy vaqtigacha hammasi muammosiz kechdi. Signalni tiklash va qo‘nish faktini tasdiqlash uchun taxminan o‘n daqiqa kerak bo‘ldi.

Kema 18:23 da Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo‘ngan.

NASA ma’muri Bill Nelson missiyaga “g‘alaba” deya ta’rif berdi va “Intuitive Machines” ishlab chiqish kompaniyasi, “SpaceX” uchirish operatori va AQSHning Oy yuzasiga qaytishi missiyasida ishtirok etgan barchani tabrikladi. Amerika mashinasi sayyoramizning tabiiy yo‘ldoshiga oxirgi marta 1972 yil dekabrda qo‘ngan edi.

“Intuitive Machines” tomonidan NASA bilan tuzilgan shartnoma asosida yaratilgan “Odisseys” parvozi AQSHning keyingi bir necha yil ichida Oyga qaytish, yo‘ldoshga xalqaro ekipaj qo‘ndirish maqsad qilingan “Artemida” – oy stansiyasini qurish dasturi doirasidagi muhim voqea hisoblanadi.

G.Sattorova, O‘zA