Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 fevral kuni IT-xizmatlar infratuzilmasi va eksportini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda o‘tgan yili 20 dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgan edi.

Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 1 ming 700 taga yetib, ularda 26 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida rezidentlar sonini 10 barobar oshirib, ulardagi ish o‘rinlarini 100 mingtaga yetkazish, sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga olib chiqish belgilangan.

Shu maqsadda, hududlarga IT-eksportchi tashkilotlarni keng jalb qilishga qaratilgan “Zero Risk” dasturini qo‘llash taklif etilmoqda. Bu dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga IT-park tavsiyanomasi asosida bo‘sh turgan davlat binolari 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi. Bu muddat tugagach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuziladi. IT-park tomonidan texnika va jihozlar 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi.

Bu korxonalar faoliyatini rivojlantirishi uchun ham qator imtiyozlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, ushbu dastur bo‘yicha korxonalarga xodimlarni ishga olish va malakasini oshirish xarajatlari 50 foizgacha qoplab beriladi.

Mahalliy IT-kompaniyalarni xalqaro miqyosga olib chiqish bo‘yicha “Local to Global” loyihasi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, mahalliy IT-kompaniyalarning jahon bozoriga chiqishi, xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashishi, xorijiy ekspertlarni taklif etishida xarajatlarning 50 foizgacha qismi qoplab beriladi.

Taqdimotda “raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ham axborot berildi. Yoshlar, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarda IT-xizmatlar ko‘rsatish ko‘nikmalari shakllantiriladi. Natijada 9 mingta ish o‘rni yaratilishi, jumladan, 5 mingga yaqin ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi ta’minlanishi mo‘ljallangan.

Umuman, “raqamli inklyuzivlik” loyihasi natijasida 25 ming nafar shaxsni ish bilan ta’minlash hisob-kitob qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.