Rossiya – Ukraina

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizo har ikki tomonga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2022 yil 24 fevralda boshlangan mojaro oqibatida juda ko‘p ayol beva qoldi, ota-onalar asirga tushgan farzandlarini sog‘ingan, ziddiyat markazida joylashgan maktablar bo‘m-bo‘sh, dehqonlar harbiy harakat sabab yerga ishlov berolmaydi…

Hatto, frontdan 100 km masofada joylashgan Lozuvatka qishlog‘ida ham Ukraina qiyofasini o‘nglab bo‘lmaydigan darajada o‘zgartirgan ikki yil asorati zohir.

Alyona Onishchuk besh yoshli qizi Anjelina bilan qorli kunda Lozuvatka qabristoniga bordi. Uning eri va otasi Sergey Aloshkin o‘nta askar bilan birga “Qahramonlar xiyoboni”da dafn etilgan.

– Urush buncha cho‘zilishini kutmagandik, – zo‘rg‘a ovozi chiqadi Alyonaning.

Urushdan oldin haydovchi-mexanik bo‘lgan 38 yoshli turmush o‘rtog‘i 2022 yil oxirida sharqiy Baxmut shahri yaqinidagi jangda halok bo‘ldi.

Marhum askarlar xotirasi uchun shunga o‘xshash dafn etish joylari butun mamlakat bo‘ylab paydo bo‘lmoqda. Bu holat ziddiyatning uchinchi yiliga o‘tish arafasida va haliyam davom etayotgan oxiri ko‘rinmas nizo asnosida sodir bo‘lmoqda.

Yangi ko‘milgan qabr oddiy yog‘och xoch, marhumning surati, gul va sariq-ko‘k rangli bayroq bilan qoplanadi.

Ukrainaning sharqi va janubidagi jang maydoni bu aholi manzilidan ancha yiroq, ammo harbiy mojarolar 6800 ga yaqin kishi yashaydigan bu hududga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Qurbon bo‘lgan harbiylar soni doim ham aniq aytilavermaydi. G‘arb rasmiylari hisobiga ko‘ra, ukrainaliklardan o‘n minglab halok bo‘lgan, o‘n minglab yaralangan. Rossiya ham jiddiy yo‘qotishga uchragan.

Urush hayotning barcha jabhalariga ta’sir qilmoqda. Onishchuk homiladorlik payti oziq-ovqat do‘konidagi ishini tashladi, keyin yangi ish topishga juda qiynaldi.

Kiyevdan 350 km janubi-sharqda joylashgan Lozuvatka maktablari allaqachon yopilgan, chunki havo hujumi sodir bo‘lgan taqdirda yerto‘laga hamma o‘quvchi sig‘maydi.

Po‘lat ishlab chiqariladigan Krivoy Rog shahri yaqinida joylashgan bu hududga raketa va dron hujumi kamdan-kam uyushtiriladi. Hujum bo‘lgan taqdirda sirena ishga tushib, mahalliy aholi xavfdan ogohlantiriladi.

BMT Bolalar jamg‘armasi UNICEF vakili Ukraina bo‘ylab maktab yoshidagi bolalarning atigi uchdan bir qismi darsga shaxsan qatnayotganini aytdi. Mamlakatning hukumat nazorati ostidagi hududlarida 1300 dan ko‘p maktab butunlay vayron qilingan, deya qo‘shimcha qildi u.

Qishloq muallimi fikricha, masofaviy ta’lim darsga qatnash o‘rnini bosa olmaydi.

– Mavjud holat o‘g‘il-qizlarning ijtimoiy qobiliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘ryapman, – deydi u bolalar stoliga o‘tirgancha. – Ular bir-biri bilan muloqot qilish imkoniga ega emas.

Maktab direktori Irina Pototskaning so‘zlariga ko‘ra, maktabdagi 136 o‘quvchidan 40 nafarining ota-onasi harbiy harakatga safarbar etilgan.

Xuddi shu binoda Irina mahalliy ayollarga armiyaga jo‘natish uchun oziq-ovqat, ichimlik, qalin kiyim solingan qutilarni o‘rashga yordam beradi.

Bunday ko‘ngilli guruhlar butun mamlakatda bor. Ziddiyat cho‘zilganini hisobga olsak, bu askarlar uchun muhim ta’minot manbai.

Yana bir o‘qituvchi Yuliya Samotuxa ko‘ngillilar harakatini muvofiqlashtirib, harbiy qismlardan so‘rov qabul qiladi, ishni xo‘jaliklarga taqsimlaydi.

– Ish bilan band bo‘lsangiz, ba’zan urushni unutasiz, – deydi jangdan yaralanib qaytgan mahalliy yigit.

Mahalliy fermer Aleksandr Vasilchenko harbiy safarbarlik sabab ishchilaridan ayrildi, yaqin orada yana ko‘pchiligi ketib qolishidan qo‘rqadi. U ayniqsa kungaboqar, bug‘doy, arpa hosilini yig‘ishtirib olish uchun zarur texnika buzilib qolishidan xavotirda.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, Lozuvatkadagi fermer xo‘jaligi ishchilarining uchdan bir qismi xizmatga chaqirilgan. Bu holat Ukraina iqtisodiyoti asosini tashkil qiluvchi qishloq xo‘jaligi sohasiga jiddiy zarba berdi.

– Mahallamizdan ko‘p mutaxassis, mexanik frontga ketdi, uskunalarimiz ta’mirga muhtoj, – deydi 42 yoshli Vasilchenko. – Yangi xodim tayyorlash uchun vaqt kerak.

Agar Kiyev yana 450-500 ming kishini jalb qilsa, hududlarda ahvol yanada murakkablashadi.

Anastasiya va Oleksandr Korobchenko 2022 yil Lugansk viloyatidagi uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan, ayni payt shu qishloqdagi do‘stlari topib bergan uyda yashayapti.

BMT, Jahon banki, Yevropa Komissiyasi va Ukraina hukumati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 6 millionga yaqin kishi Ukrainadan tashqarida qochqin maqomiga tushgan.

Lozuvatkada ish topgan bo‘lsa-da, Korobchenkolar hozircha farzandli bo‘lishni istashmayapti.

– Ertaga nima bo‘lishini bilmasangiz, bola bilan yashash haqida o‘ylash juda qiyin, – deydi 23 yoshli Anastasiya.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA