Joriy yilning 27 fevral – 1 mart kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Qurilish – UzBuild 2024″ xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Poytaxtimizda tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi.

Unda “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova anjuman ishtirokchilariga quyidagicha ma’lumot berdi: 

– Avvalo, kompaniyamizning asosiy maqsadi davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosiga munosib hissa qo‘shishdir. Shu sababli, biz ko‘p yillardan buyon davlat tashkilotlari va hamkorlar bilan birgalikda deyarli barcha sohalar bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etib kelmoqdamiz.

“Qurilish – UzBuild 2024″ xalqaro ko‘rgazmasi joriy yildagi ilk taqdimotimiz hisoblanadi. Bu yilgi ko‘rgazma alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u 25-marotaba tashkil etilmoqda. Aytish kerakki, uni sohadagi muvaffaqiyat va samarali hamkorlikning amaldagi sarhisobi deyish mumkin.

Yangi O‘zbekistonda qurilish sohasi rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tmoqda. Mamlakatimizning barcha burchaklarida keng ko‘lamli qurilish shaharlarimiz va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish va takomillashtirishga olib kelmoqda. Zamonaviylik va xavfsizlik qurilishning asosiy mezonlaridir. Bundan tashqari, qurilish sanoati iqtisodiyotning tegishli yo‘nalishlari uchun ham harakatga soluvchi omil hisoblanadi.

2007 yilda ushbu an’anaviy ko‘rgazma “Butunjahon ko‘rgazma sanoati uyushmasi (UFI) tomonidan tasdiqlangan tadbir” sertifikatini qo‘lga kiritdi. Unda shu kunga qadar 45 mamlakatdan 3 ming 503 kompaniya ishtirok etdi. Ulardagi ishtirokchilar soni 160 mingdan ziyodni tashkil etdi.

Bu yilgi “Qurilish – UzBuild 2024″ ko‘rgazmasi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, uning ekspozitsiyasi 15 000 kvadrat metr maydonni egallaydi. Unda 19 mamlakatdan 450 dan ortiq kompaniyaning ishtiroki kutilmoqda. Xorijiy ishtirokchilarning ulushi 81 foizni tashkil etadi. Shuningdek, mahalliy kompaniyalar stendlarida qurilish va pardozlash materiallari sektorlari mahsulotlari, derazalar, eshiklar, fasadlar, sement va beton buyumlar, qurilish aralashmalari, metallurgiya mahsulotlari, izolyatsion materiallar kabi mahsulotlar taqdim etiladi.

Ko‘rgazma doirasida 27-29 fevral kunlari Qurilish sanoati xalqaro anjumani bo‘lib o‘tadi. Unda Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklarining 20 dan ortiq mutaxassislari ma’ruza qiladi.

O‘ylaymizki, ushbu yirik xalqaro tadbirlar mamlakatimizning qurilish va qurilish materiallari sohalari uchun yangi imkoniyatlarni ochadi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatida muhim rol o‘ynaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA