Poytaxtimiz Toshkent “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan yana bir nufuzli sport musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Joriy yilning 1-3 mart kunlari dzyudo bo‘yicha O‘zbekistonda o‘tadigan mazkur nufuzli “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnirda 4 qit’aning 72 davlatidan 500 nafardan ziyod sportchi ishtirok etish uchun talabnomalarni taqdim etgan.
O‘nlab jahon va qit’a chempionlari, Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari ishtirokida o‘tadigan turnirda Vatanimiz sharafini kimlar himoya qilishi sport muxlislarini qiziqtirishi tabiiy.
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar kengashi mazkur “Katta Dubulg‘a” turnirida ishtirok etadigan sportchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent tatamilarida kechadigan shiddatli bellashuvlarda 28 nafar erkak, 25 nafar ayol dzyudochimiz medallar va reyting ochkolari uchun kurash olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan turnir nizomiga binoan yurtimizda o‘tadigan xalqaro turnirning har bir vaznida terma jamoamizning 4 nafardan a’zosi bahslarda qatnashadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA