Belarus telegraf agentligi – BelTA matbuot markazida “O‘zbekiston – Belarus: vaqt sinovidan o‘tgan sheriklik” mavzusida davra suhbati uyushtirildi.

Qator vazirlik, idoralar, turli tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizning Minskdagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nazarov o‘tgan yil yakuni bo‘yicha respublikamiz erishgan yuqori makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, jamiyatimiz taraqqiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot berdi.

– 2023 yil O‘zbekiston iqtisodiyoti avvalgi yilga nisbatan 6 foiz o‘sdi, – dedi diplomat. – Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2468 dollarga ko‘tarildi. Tashqi savdo aylanma 62,6 milliard dollarga yetib, 2022 yilga qaraganda 23,9 foiz ko‘tarildi. Mintaqadagi yirik iqtisodiyotlardan biri hisoblanadigan, shu bilan birga izchil va jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston Belarus uchun munosib sherik.

“BelTA” yozishicha, elchimiz o‘zaro investitsiya faolligi sezilarli darajada oshganiga ham e’tibor qaratgan. Har ikki davlat faollik, barqarorlik namoyon etayotgani qayd etildi.

R.Nazarov Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning yaqinda yurtimizga amalga oshirgan tashrifiga ham to‘xtalib, oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlar, ikki davlatning tegishli vazirlari, viloyatlar va tarmoq rahbarlari ishtirokidagi kengaytirilgan muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladi.

Davra suhbati davomida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, Belarus universal tovar birjasi bilan biznes-sheriklikni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo muloqot o‘rnatish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, veterinariya dori vositalari yetkazib berish, ta’lim, transport, logistika va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlik qilish kabi masalalar ham ko‘tarilgan.

O‘zA