Hozirda avtomobilni auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Yo‘llar barchaga birdek tegishli, undan foydalanishda boshqalarning huquqlariga daxl qilish mumkin emas. Ammo, ba’zan “yo‘l faqat meniki” qabilida avtomobil boshqarayotgan haydovchilarga duch kelamiz.

Ayniqsa, tezlikni haddan oshirgan haydovchilar boshqa yo‘l harakati ishtirokchilari hayotiga ham xavf soladi.

Shunday qoidabuzarliklarni qilgan “Jetour” avtomobili videokameralar ob’ektiviga 175 marta tushgan. Yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan avtomobil egasiga  83,6 million so‘m jarima yozildi.

Biroq, u jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamagan. Mazkur ish Majburiy ijro byurosining Sergeli tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Qarzdor fuqaroga bir necha marta ogohlantirishlar berilgan bo‘lsa ham bu unga kor qilmagan.

Oqibatda fuqaroga tegishli bo‘lgan  “Jetour”  avtomashinasi  poytaxt ko‘chalarida harakatdan ushlanib, jarima maydoniga joylashtirildi.

Hozirda avtomobilni auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Savdolardan tushgan pul mablag‘lari qarzdorlikni qoplash uchun davlat foydasiga yo‘naltiriladi.

Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan sud qarorlariga asosan qarzdor deb topilgan 917 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Ularni qidirib topishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 723 nafari topilgan.

Byuroning Olmaliq shahar bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor O.S.dan, undiruvchi F.S. foydasiga bir nafar farzandi moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Biroq, qarzdor farzandi uchun aliment qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlab, bir necha yillardan buyon yashirinib yurgan. Shu sababli, uning qarzi qariyb 125 million so‘mga yetgan.

Davlat ijrochisi tomonidan unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Tezkor qidiruv xodimlari tomonidan olib borilgan tadbir natijasida qarzdor tezkor xodimlar tomonidan ushlanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining qaroriga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga asosan o‘n besh sutkaga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bu ta’sir chorasi oqibatsiz otani insofga keltirsa ajab emas.

Norgul Abduraimova, O‘zA