Har yili 21 fevral kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xalqaro gidlar kuni nishonlanadi.
Shu munosabat bilan Toshkentda VII O‘zbekiston gidlar forumi o‘tkazildi. Tadbirda 300 nafardan ortiq xalqaro ishtirokchi, tajribali gidlar, turizm sohasidagi mutaxassislar, davlat tashkilotlari, fan va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov, Toshkent shahar hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davruqov so‘zga chiqdi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan respublikada turizm sohasini jadal ravojlantirish borasida olib borilayotgan ulkan sa’y-harakatlarni alohida ta’kidlash joiz, – deydi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev. –Jumladan, xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun viza rejimi soddalashtirildi. Hozirda viza rejimi soddalashtirilgan davlatlarning soni 93 taga yetdi. Sohadagi islohotlar sabab, o‘tgan 2023 yilda yurtimizga xorijdan 7 millionga yaqin turist keldi. Ularning qolish muddati o‘rtacha 4 kungacha uzaydi (1,3 barobar o‘sish). “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturiga asosan hududlarga 21 million mahalliy sayyoh tashrifi tashkil etildi.
Ma’lumki, sayyohlik mahsulotining sifatini ta’minlashda mehmonlar va sayyohlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan gidlar, ekskursovodlar muhim rol o‘ynaydi.
Forumdan ko‘zlangan maqsad ekskursiya sohasida tajriba va bilim almashish, turizm industriyasining muhim yo‘nalishlari va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, o‘zbekistonlik va xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Forum doirasida “Ekskursiya faoliyati: ta’lim, fan va amaliyot simbiozi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi va unda turizm sohasining taniqli olimlari, ekspertlari va tahlilchilari ma’ruza qildi.
Shuningdek, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan Turkiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning turli ta’lim va turizm tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA