Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev To‘rtko‘l tumanidagi tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Bevosita muloqot jarayonida 25 nafar tadbirkorning faoliyatini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, imtiyozli kredit ajratish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha muammoli murojaatlari tinglandi.

Ayrim murojaatlar joyida qanoatlantirildi, qolganlari o‘rganish uchun muddat talab qilinganligi bois ish yurituviga olindi. So‘ngra mas’ullar tumandagi intensiv bog‘larda foydalaniladigan setka ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zavod XozAgro” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona faoliyati bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, ushbu tumandagi 5-sonli sil va nafas organlarining surunkali kasalliklari xavfi bo‘lgan guruh bolalari uchun sanatoriy tipidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bolalarning ta’lim olishi va reabilitatsiya qilinishi uchun yaratilgan sharoitlar, muassasa yotoqxonasi ahvoli o‘rganildi. Maktab-internatidagi mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganish va ularni bartaraf qilish yuzasidan tuman prokurori rahbarligida ishchi guruh tashkil etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.