Ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy qurilishlarning buzilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar keng tarqalmoqda. Xo‘sh, tadbirkorlik uchun qonuniy yer ajratish tartibi qanday?

Biznes-ombudsman devoni axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova bu borada quyidagilarni ma’lum qildi.

–Yer uchastkalari tadbirkorlarga mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida elektron onlayn auksion orqali ajratiladi. Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkasini realizatsiya qilish bo‘yicha auksionda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartiblarga muvofiq ishtirok etadi. Agarda tadbirkorlarning qonuniy mulkiy huquqlari va manfaatlari buzilayotgan bo‘lsa, Biznes-ombudsmanga murojaat qilishlari so‘raladi.

Umuman olganda elektron auksionda ishtirok etish va yer uchastkalariga egalik qilish tartibi qanday? 

Agar yer uchastkalari aholi punktlarining bosh rejalariga, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga yoki hududlarni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish bo‘yicha boshqa hujjatlarga, xususan, master-reja talablariga yoxud yer uchastkalaridan foydalanishning ruxsat berilgan turlariga muvofiq bo‘lsa, ular mulk huquqi asosida auksionga qo‘yiladi.

Shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmaganda yoki uning talablariga mos kelmagan taqdirda, yer uchastkalari ijara huquqi asosida auksionga qo‘yiladi.

Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkasini realizatsiya qilish bo‘yicha auksionda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartiblarga muvofiq ishtirok etadi.

Auksion g‘olibi auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma tushgan kundan boshlab ijara shartnomasini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi. Ijara shartnomasi taraflar tomonidan imzolangandan so‘ng, avtomatik ravishda «YERELEKTRON» AAT orqali Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasiga yuboriladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi auksion savdosi natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani olgan kundan boshlab 1 ish kuni ichida belgilangan shaklda yer uchastkasiga mulk huquqini beruvchi davlat orderini rasmiylashtiradi. Belgilangan shaklda uni o‘zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi va auksion g‘olibining shaxsiy kabinetiga hamda «YERELEKTRON» AAT orqali Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasiga yuboradi.

Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat orderi tushgan kundan boshlab amalga oshiriladi.

Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan yer uchastkasiga mulk huquqi yoki ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ko‘chirma operatorga «YERELEKTRON» AAT orqali auksion g‘olibiga belgilangan tartibda taqdim etish uchun 2 kun ichida yuboriladi.

Operator yer uchastkasiga bo‘lgan ijara yoki mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ko‘chirmani olgandan so‘ng avtomatik tarzda uni g‘olibning shaxsiy kabinetiga yuboradi.

Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiali va tuman (shahar) qurilish bo‘limi 3 ish kunida yer uchastkasi chegaralarini joyida (naturada) belgilaydi va yer uchastkasini naturada ko‘rsatadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA