Singapurlik sakkiz yoshli Ashvat Kaushik klassik shaxmat turnirida grossmeysterni yutgan eng yosh o‘yinchi sifatida tarixga kirdi.
Shveysariyada o‘tgan “Burgdorfer Stadthaus Open” turnirida Ashvat polshalik grossmeyster Yacyek Stopani mag‘lubiyatga uchratdi. Bu yutug‘i bilan Ashvat ajoyib iste’dodini namoyon etishi barobarida bir oy avval grossmeyster Milko Popchevni yenggan serbiyalik Leonid Ivanovich rekordini ham yangiladi. E’tiborga molik jihati, Ivanovich ham sakkiz yosh, lekin Ashvatdan besh oylik katta.
Ashvat Kaushik kim? Ota-onasi hindistonlik bo‘lgan yosh iste’dod sohibi shaxmat olamiga to‘rt yoshida kirib kelgan. 2022 yil sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozonib, o‘ziga xos salohiyatini namoyish etgan. Uning Stopa ustidan qozongan g‘alabasi shunchaki yutuq emas, balki kuchli chidam, strategik idrokdan dalolat. Zero, o‘yin davomida qiyin vaziyatga tushib qolganiga qaramay, Ashvat vaziyatni o‘nglab, oxir-oqibat zafar quchdi.
Yosh chempionning otasi Sriram Kaushik jurnalistlarga bergan intervyusida oilasida sport an’anasi yo‘qligi, o‘g‘lining shaxmatga mehri bobosi va buvisi tufayli ekanini aytgan.
Darvoqe, “Burgdorfer Stadthaus Open” turnirida 12-o‘rinni egallagan Ashvat Kaushik Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan grossmeysterlik talabini bajargan dunyoning eng yosh shaxmatchisi sifatida e’tirof etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA