O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy-amaliy va olimpiya sport turlarini rivojlantirish, harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, eng sara sportchilarni tanlab olish va ularni rag‘batlantirish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida “Armiya sporti haftaligi” joriy etilib, umumarmiya sport musobaqalari o‘tkazildi.

100 nafardan ziyod sportga mehr qo‘ygan harbiy xizmatchini o‘zida birlashtirgan musobaqalarda ishtirokchilar “Armiya qo‘l jangi”, “Harbiy-sport kompleksi ko‘pkurashi”, “Ofitserlar uch-kurashi” va “Otish sporti” bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, metin iroda, matonat va g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoqni namoyon etdi.

Musobaqalar Nukus garnizoni markaziy sport majmuasi hamda “Nukus” umumqo‘shin poligoni hududida o‘tkazildi. Har bir bellashuv harbiy okrugning tajribali ofitserlaridan iborat hay’at a’zolari tomonidan baholandi. Sharq yakkakurashlari, boks va milliy kurash elementlarini o‘z ichiga olgan “Armiya qo‘l jangi” bellashuvida har bir jamoadan sakkiz nafar ishtirokchi sakkizta vaznda bellashib, kuch va matonatni namoyish etdi. Mazkur bellashuv O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari federatsiyasi va amaldagi Xalqaro qo‘l jangi qoidalariga asosan tashkil etildi.

“Harbiy-sport kompleksi ko‘pkurashi” musobaqasi dasturi 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, 3 km masofani bosib o‘tish va yagona to‘siqlar yo‘lagidan o‘tishni nazarda tutadi. Pistoletdan o‘q otish, erkin usulda 3 km.ga suzish, 1-2 km masofaga yugurish mashqlaridan iborat bo‘lgan “Ofitserlar uch kurashi” bellashuvi ham bahslarga boy bo‘ldi. “Otish sporti” musobaqasida merganlik mahoratini namoyish etgan ishtirokchilar amaldagi o‘q otish qoidalariga asosan, pistoletdan PM-1 mashqi va avtomatdan AK-1 mashqini bajardi.

Musobaqalar yakuni bo‘yicha ishtirokchilar turli nominatsiya bo‘yicha yakkalik va jamoaviy tarzda kubok, medal, diplom hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan harbiy xizmatchilar mart oyida Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkaziladigan chempionatda harbiy okrug sharafini himoya qilish huquqiga ega bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA