Germaniya terma jamoasi sobiq futbolchisi Andreas Bryome Myunxenda yurak xurujidan vafot etdi, deya xabar tarqatdi mamlakat matbuoti.

1990 yil bo‘lib o‘tgan jahon chempionati finalidagi yagona gol muallifi Andreas 85-daqiqada Argentina darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasini aniq amalga oshirgan.

Faoliyati davomida “Saarbryukken”, “Kayzerslautern”, “Bavariya”, “Milan”, “Real Saragosa” klublarida to‘p surgan ushbu futbolchi terma jamoasi safida jami 86 o‘yin o‘tkazib, 8 gol urgan.

– Bryomening bevaqt vafotidan qattiq tushkunlikdamiz, uning yaqinlari bilan birga motam tutamiz, – deyilgan “Bavariya” futbol klubining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Biz Andreas Bryomeni jahon chempioni va eng muhimi, muhim shaxs sifatida hamisha eslaymiz. U “Bavariya” oilasining bir qismi bo‘lib qoladi.

“Kayzerslautern” klubi ham mashhur sportchi vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan.

– Andreas Bremeni yo‘qotishdan qayg‘udamiz, – deyiladi xabarnomada. – U safimizda 10 yil o‘ynadi va “FCK” bilan mamlakat chempioni va kubogi sohibi bo‘ldi. Terma jamoa bilan jahon chempionligini qo‘lga kiritib, Germaniya futboli yetakchilari safidan o‘rin oldi.