Shu kunlarda filippinlik mashhur bokschi Menni Pakyaoning “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi yuzasidan ushbu mamlakat Olimpiya qo‘mitasining Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga yo‘llagan murojaati xalqaro sport jamoatchiligi, ayniqsa boks jamoalari o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘layotgandi.

Havaskor va professional boksda yuksak natijalarga erishgan 45 yoshli Mennining to‘rt yillik o‘yinlar boks dasturida qatnashish istagi XOQ tomonidan tasdiqlangan qoidaga ko‘ra, inobatga olinmaydigan bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, XXXIII yozgi Olimpiada boks musobaqasida 40 yoshdan oshgan sportchi qatnashishi mumkin emas. Bu haqda Filippin Olimpiya qo‘mitasiga yo‘llangan javob xatida aytib o‘tilgan.

Joriy yil 26 iyul-11 avgust kunlari Fransiya poytaxtida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari boks musobaqasida erkaklar 7, ayollar 5 vazn toifasi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishadi.

Eslatib o‘tamiz, Parijda jami 248 – 124 nafardan erkak va ayol bokschi medal uchun kurash olib boradi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA