Buyuk Britaniyaning Birmingem universiteti Angliyada joylashgan davlat tadqiqot universiteti bo‘lib, mazkur universitetga 1900 yilda asos solingan. 2021 yilgi “Research Excellence Framework” dasturida 129 ta institut orasida 13-o‘rinni egallagan. Birmingem universiteti QS reytingida eng oldingi o‘rinlarni egallab keladi. Universitetda San’at va huquq, Muhandislik va fizika fanlari, Hayot va atrof-muhit fanlari, Tibbiyot va stomatologiya fanlari, Ijtimoiy fanlar, Liberal san’at va fanlar kabi fakultetlar mavjud.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari v.b. Javohir Ahmedov va Birmingem universiteti Xalqaro aloqalar departamenti boshlig‘i Michayel Bissell, Xalqaro talabalarni qabul qilish fakulteti dekani Karl Adashay hamda universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha menejeri Ven Xao o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Qayd etish lozimki, o‘tgan 2023 yilning iyun oyida Jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari v.b. Javohir Ahmedov mazkur universitetga tashrif buyurib, ikki tomonlama kelishuvga erishilgan edi. Erishilgan kelishuv bo‘yicha hozirgi vaqtda universitetda tahsil olish uchun Jamg‘arma tomonidan yuborilgan 4 nafar stipendiat uchun o‘quv xarajatlari to‘lovi miqdoridan 15 foiz miqdorda chegirma ajratish masalasi universitet tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va tasdiqlangani sababli oktyabr oyida to‘lanadigan stipendiatlarning o‘qish xarajatlaridan mazkur chegirmalar ajratib to‘lashga kelishilgan edi.

Shu bilan birga, Michayel Bissell tomonidan Jamg‘armaning har bir stipendiati uchun Birmingem universitetida ta’lim olmoqchi bo‘lgan stipendiatlar uchun qabul xatini tez fursatlarda olishda ko‘maklashish ta’kidlandi.

Mazkur universitetda o‘zbekistonlik 5 nafar stipendiat ta’lim olmoqda. Ularning har biri o‘qish xarajatlaridan 15 foiz miqdorda chegirma ajratilgan.

Shuningdek, Javohir Ahmedov 2024 yilda o‘qishni rejalashtirayotgan nomzodlar uchun Birmingem universitetida ta’lim olish imkoniyatlari haqida vebinar tashkil etishni taklif etdi va ushbu taklif xorijiy universitet tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan yangi ikki tomonlama memorandumni imzolashga kelishib olindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA