Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.Zokirovga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan edi.

Parlament so‘rovida qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, shaharsozlik faoliyatini jadal rivojlantirish, aholini sifatli, qulay uy-joy, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasi xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgan edi.

Qonunchilik palatasining bugungi majlisida mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javob ko‘rib chiqildi.

Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2023 yilda geoaxborot tizimi yaratildi. Bugungi kunga qadar 284 ta bosh reja, 16 ta batafsil rejalashtirish loyihasi ushbu platformaga joylashtirilgan.

Qurilish sohasida litsenziyalashtirish va akkreditatsiyalash bo‘yicha 2021-2023 yillarda 2,3 mingta litsenziya, 88 ta akkreditatsiya guvohnomalari berilgan. Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi tomonidan 2021-2023 yillar mobaynida jami 81,5 mingdan ortiq loyiha-smeta hujjatlariga ekspertiza xulosalari taqdim etilgan.

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi 16 ta davlat xizmatlari raqamlashtirilishi natijasida aholi va biznes egalariga uydan chiqmagan holda xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. 2021-2023 yillarda “Davxizmat” axborot tizimi orqali 800,5 mingta ob’ekt bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Majlisda qayd etilganidek, “Mening uyim” avtomatlashtirilgan billing axborot tizimi Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimiga integratsiya qilinib, majburiy badallarni tijorat banklari kassalaridan qabul qilish imkoniyati yaratilgan. Tizim orqali issiq suv hisoblagichlarini qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha 2021 yilda 23,5 mingta, 2022 yilda 23,5 mingta va 2023 yil 16,6 mingta davlat xizmati ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, shu yil 29 yanvar kuni davlatimiz rahbari huzurida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida 2024 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi vazifalardan kelib chiqib, vazirlik tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Kadastr agentligi tomonidan 2024-2025 yillarda uydagi umumiy mol-mulk va yerto‘la va bo‘sh maydonlar haqida elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, “Mening uyim” tizimiga bog‘lanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq e’lon qilinadi. Ijara to‘lovlari faqat “Mening uyim” platformasi orqali hisob-kitob qilinib, aholi uchun ochiq bo‘lishi ta’minlanadi.

Majlisda parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA