Ayol va erkak xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlashga qaratilgan xalqaro hujjat

369

“Xalqaro mehnat tashkilotining ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risida”gi 156-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1981 yil 23 iyun) oilaviy majburiyatlarga ega bo‘lgan xodimlar (ayollar va erkaklar) uchun teng imkoniyat va shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan.

Unga qo‘shilgan davlatlar bunday xodimlarga nisbatan mehnat huquqlari sohasida kamsitishlarning oldini olish choralarini ko‘rish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Konvensiya hozirgi kunga qadar Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo bo‘lgan 187 ta davlatning 45 tasi tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ular qatorida Norvegiya, Shvetsiya, Ispaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi mamlakatlar bor.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981 yil 23 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro konvensiyaning barcha talablari O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi” deb belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha oilaviy majburiyatlarni bajaruvchi shaxslarning mehnat huquqlari qo‘shimcha kafolatlarini belgilovchi normalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarda o‘z aksini topgan.

Konvensiyani ratifikatsiya qilish kelgusida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishg mehnat munosabatlariga taalluqli bo‘lgan talablarni, xalqaro standartlarni samarali joriy etish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA