Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid masalalar kun tartibiga qo‘yilgan.

Majlisda “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220/1-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

– Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220/1-moddasida pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ruxsatnomalar va litsenziyalarsiz, qonunga xilof muomalasiga doir harakatlarni bajarish va faoliyatni amalga oshirish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan, – dedi deputat Xo‘jamqul Hazratqulov. – Qonunga xilof ravishda saqlayogan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida Jinoyat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan qoida shaxslar boshqa turdagi qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganda, ularni javobgarlikdan ozod qilish muammosini hal etmaydi. Shu bilan birga, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida qurolni, shu jumladan yuqorida ko‘rsatilgan o‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlik uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdirlash choralari belgilanishi mumkinligi bayon etilgan.

Ushbu huquqiy ziddiyatni bartaraf etish maqsadida mazkur loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220/1-moddasini pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishiga oid insonparvar norma bilan to‘ldirilyapti, – dedi ma’ruzachi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA