O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalq ta’limi sohasida faoliyat yuritayotgan hamda o‘quvchilari yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan malakali pedagog xodimlarning mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha o‘tgan yildan boshlab Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lash belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 8 yanvar kungi 10-sonli buyrug‘iga asosan maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlar cheklangan soni Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun “Boshlang‘ich ta’lim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy fanlar” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha shahar va tumanlar bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 97 ta kvota hamda Prezident maktablari agentligi tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari uchun 10 ta kvota ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim va ko‘nikmalarini baholash markazi tomonidan Qoraqalpoq davlat universiteti bazasida yuqoridagi qarorga muvofiq, tanlab olingan pedagoglar uchun o‘zlarining o‘qiyotgan umumta’lim fanlari bo‘yicha bilimlarini baholash uchun 1-bosqich test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Unda Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 54, Aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 81, Xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha 54, Ijtimoiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 81 va Amaliy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 51, jami 321 nafar talabgor pedagog ishtirok edi.

– Eng munosiblari kelgusi bosqichga yo‘llanmaga ega bo‘ladi, – deydi Pedagog kadrlarning salohiyatini oshirish va ularni tayyorlaydigan muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Suhrobbek Qirg‘izboyev. – Ikkinchi suhbat bosqichi mart oyiga rejalashtirilib, undan muvaffaqiyatli o‘tganlar 9 oy davomida Vazir jamg‘armasi hisobidan har oy mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh yarim baravari miqdorida ustama haq oladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari