FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman va shaharlarida “Xalq bilan armiya bir tanu bir jon!” shiori ostida vatanparvarlik tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Amudaryo va Shumanay tumanlarida Yoshlar ittifoqi, tuman hokimligi, harbiy prokuratura va boshqa kuch tuzilmalari hamkorligida chegara hududida joylashgan maktab o‘quvchilari ishtirokida tashkil qilingan navbatdagi tadbirda yigit-qizlar sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqa hamda “Zakovat” intellektual o‘yinida o‘z kuch va mahoratini, ilmiy-ijodiy salohiyatini sinovdan o‘tkazdilar.

Amudaryo tuman Madaniyat markazida afg‘on urushi faxriylari bilan bo‘lgan uchrashuv o‘quvchi-yoshlarda chuqur taassurot qoldirdi. Faxriylar eng bebaho ne’mat – tinchlik qadri, Vatanga xizmat, xalqparvarlik mavzularida o‘z hayotlari misolida fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Shu bilan birga Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi orkestr jamoasi, tumanning yosh san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi, harbiy qurol va texnikalar ko‘rgazmasi namoyish qilindi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA