Poytaxtimiz Toshkent mart oyining ilk kunlarida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarni taqdim etadigan yana bir yirik sport musobaqasiga mezbonlik qiladi.
Sport vazirligi xabariga ko‘ra, joriy yilning 1-3 mart kunlari poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha o‘tadigan “Katta dubulg‘a” turnirida ishtirok etish uchun 69 mamlakatning 450 ga yaqin sportchisi dastlabki talabnomalarni taqdim etgan.
Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tgan yig‘ilishda mazkur musobaqaga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov, federatsiya mas’ullari ishtirok etgan yig‘ilishda bir necha yillardan beri mamlakatimiz Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) bayrog‘i ostida o‘tayotgan bunday nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etib kelayotgani, bu safar ham uni a’lo darajada o‘tkazib, yurtimizning sport tizimidagi imkoniyatlarini yana bir karra ko‘rsatish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, musobaqalar o‘tadigan “Humo arena”ning tayyorgarligi, mehmonlarga yaratiladigan sharoitlar, viza, transport va logistika, translyatsiya masalalari bo‘yicha holatni o‘rganib, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar ilgari surildi.
Yig‘ilishda terma jamoamiz a’zolarining tayyorgarlik masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi.
Rasmiylar dzyudochilarimiz yuqori natija qayd etish orqali Olimpiada reytingi uchun zarur ochkolarni jamg‘arishi muhimligini qo‘shimcha qildi. Suhbat davomida yana bir qator yo‘nalishlar yuzasidan mavjud muammolar o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha vazifalar belgilandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA