Joriy yilning 21-22 fevral kunlari futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasining 1/8 final bosqichida mamlakatimizning ikki klubi – “Navbahor” va “Nasaf” javob o‘yinlarida maydonga tushadi. Aniqrog‘i, 21 fevral kuni “Nasaf” Abu-Dabi shahrida “Al-Ayn” bilan, 22 fevral kuni esa “Navbahor” Ar-Riyodda “Al-Ittihod” klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Hozirda har ikki jamoamiz ham o‘yin o‘tadigan shaharga yetib bordi.

Xabaringiz bor, ushbu jamoalarning ilk o‘yini bir xil 0:0 hisobida yakunlandi va chorak final yo‘llanmasi javob o‘yinida hal etiladigan bo‘ldi. Hozirda har to‘rt jamoaning navbatdagi bosqichga chiqish uchun imkoniyatlari teng. Faqatgina bizning jamoalarimiz safarda o‘ynashini hisobga olmasak, albatta. Biroq shuni ta’kidlash lozimki, “Navbahor” 2023-2024 yilgi Osiyo chempionlar ligasida safarda hali biror marotaba mag‘lub bo‘lmadi va aksincha ikki g‘alaba hamda bir durang qayd etgan bo‘lsa, “Nasaf” bittadan g‘alaba, mag‘lubiyat va durangga erishdi.

Bu esa bo‘lajak uchrashuvlar oldidan jamoalarga katta ishonch berishi shubhasiz. Ayniqsa, “Navbahor” Saudiya Arabistoni terma jamoalariga qarshi qanday o‘ynashni biladi.

“Navbahor”ning safardagi bahsi biroz qiyin o‘tishi mumkin, lekin Samvel Babayan shogirdlari “Al-Ittihod”ga qarshi bor imkoniyatini ishga solishiga ishonamiz. Faqatgina Abdulrazzak Hamdallah, Romarino, Ngolo Kante, va Benzema kabi mahoratli futbolchilarning zarbalariga darvozabonimiz O‘tkir Yusupov doimo shay holatda turishi kerak. Darvoqe, Benzema “Al-Ittihod” safiga qaytdi, biroq u yuqori saviyada o‘yin o‘tkaza olmayapti hamda argentinalik bosh murabbiy Marselo Galyardo Karimdan sardorlik bog‘ichini olib qo‘ydi.

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari uchun ham Abu-Dabidagi o‘yin oson kechmasligi aniq. Avvalo shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, “Nasaf” garchi o‘z maydonidagi o‘yinda yuqori saviyada o‘yin o‘tkaza olmagan bo‘lsada, raqibga o‘yinni topshirib qo‘ymadi. Ammo bu o‘yini bilan 22 fevral kuni “Al-Ayn” mezbonligida qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin. To‘g‘ri, mamlakatimizda hali futbol musobaqalari boshlanmagan va “Nasaf” ikki oy mobaynida birorta ham rasmiy bahslarga kirishmadi. Agarda o‘tgan yilning mavsum so‘ngidagi o‘yin uslubini tiklab olsa, safardan g‘alaba va chorak final yo‘llanmasi bilan qaytishi shubhasiz. Lekin “Al-Ayn” ham oddiy jamoa emas, uning ham ustunlik tomonlari bor.

Endi esa 1 mart kuni boshlanishi kutilayotgan O‘zbekiston Superligasiga klublarimizning tayyorgarligi qanday o‘tayotgani haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Shu kunlarda Turkiyada “Paxtakor”, “Neftchi” va “So‘g‘diyona” klublari yangi mavsumga tayyorlanmoqda. Ushbu yig‘inlar doirasida amaldagi chempion “Paxtakor” navbatdagi nazorat o‘yinini Latviyaning “RFSH” klubiga qarshi o‘tkazdi va 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Umuman olganda poytaxtimiz klubi nazorat o‘yinlarida natijaga emas, balki tarkibni shakllantirish va jismoniy holatga e’tibor qaratmoqda. Jamoaning qanday natija ko‘rsatishiga yangi mavsumda guvoh bo‘lamiz.

Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi esa so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvini Latviyaning “Liyepaja” klubiga qarshi o‘tkazdi. Unda “So‘g‘diyona” 2:1 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, “Neftchi” jamoasi navbatdagi nazorat o‘yinida “Sochi” klubi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.

Bugungi kunda o‘zbek futbolining yangi yulduziga aylanayotgan Abduqodir Husanov Fransiya chempionatining 22-turida “Lans” safida “Reyms” jamoasiga qarshi 90 daqiqa o‘yin o‘tkazgani haqida xabaringiz bor. “Lans” faoliyatini yoritib kelayotgan lensois.com sayti mazkur turda jamoaning eng yaxshi o‘yinchisini aniqlash uchun o‘ziga xos so‘rovnoma tashkil qildi. Ushbu so‘rovda jamoa muxlislari Abduqodir Husanovga eng ko‘p ovoz berdi va jamoaning eng yaxshi o‘yinchisiga loyiq ko‘rdi. So‘rovnomada A.Husanov 46,22 foiz ovoz to‘pladi.

Bu esa umidli futbolchimizning kelajagi porloq ekani va biroz vaqtdan so‘ng Yevropaning nomdor jamoalaridan katta takliflar kelishidan dalolat.

Yevropa futbolida so‘nggi bir necha yilda Kilian Mbappe va “Real Madir” klubi haqida turli xil xabarlar keng tarqalmoqda. Ana shunday xabarlardan biri “PSJ” klubi prezidenti Nosir al-Xelayfining Kilian Mbappening yozda “Real”ga o‘tishini tasdiqlagani bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, agarda Kilian Mbappe “Real”ga o‘tsa, uning maoshi soliqlardan tashqari 15-20 million yevroni tashkil etadi. U “PSJ”da hozirda yiliga 212 million yevro maosh oladi.

“Real” rahbariyati Kilian Mbappe jamoa safida maydonga tushsa, unga 10-raqamni beradigan bo‘ldi. “Qirollik klubi”da ayni vaqtda ushbu 10-raqamda Luka Modrich o‘ynayapti.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA