Eron poytaxti Tehronda yengil atletika bo‘yicha poyoniga yetgan yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari 4 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Xabar berganimizdek, o‘tgan murosasiz bahslarda hamyurtimiz Malika Nuriddinova yadro uloqtirish musobaqasida kumush, ayollar jamoasi vakillari 4×400 metrga estafeta musobaqasida bronza medaliga sazovor bo‘lgandi.
Chempionatning so‘nggi bahslarida terma jamoamiz a’zolari yana bittadan kumush va bronza medallariga egalik qildi.
Ko‘pkurash dasturida 666 ochko jamg‘argan Zahriddin Shokirov kumush medalni shuningdek, uch hatlab sakrash dasturida kurash olib borgan Ivan Denisov 16.18 metr bilan bronza medaliga musharraf bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda oltin medal xitoylik Su Venga(16,74), kumush medal esa koreyalik Chanvu Kimga nasib etdi.
Osiyo qit’asining mahoratli yengil atletikachilari ishtirok etgan qit’a chempionatida hamyurlarimizning Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi yetakchi davlat sportchilariga munosib raqobat hosil etgani e’tiborli bo‘ldi. Qolaversa, terma jamoamiz a’zolarining 4 ta medal bilan birga reyting ochkolarni jamg‘argani keyingi nufuzli musobaqalarga munosib zaxira to‘plaganidan dalolat.
T. Ro‘ziyev, O‘zA