Qo‘shma Shtatlar ishlab chiqqan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasida G‘azo sektorida vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish tezroq amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlangan. Shuningdek, Isroilning bosh ittifoqchisi Rafohga hujum uyushtirmaslik haqida ham ogohlantirgan.
Isroil 1,4 milliondan ziyod aholi boshpana izlashga majbur bo‘layotgan Rafohga hujum qilishini aytib keladi. BMT fikriga ko‘ra, bunday harakat oddiy aholi o‘limiga olib kelib, ocharchilik yoqasida turgan G‘azoda gumanitar inqirozni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.
Xavfsizlik Kengashining amaldagi a’zosi, arab mamlakati Jazoir ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin G‘azoga qarshi urushda zudlik bilan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiladigan rezolyutsiya loyihasini ilgari surgan, AQSH esa bu tashabbus G‘azo va Isroilning asirlar almashish bo‘yicha kelishuviga salbiy ta’sir qilishini aytgan edi.
Shuningdek, AQSH, Misr, Isroil va Qatar Isroil va XAMAS o‘rtasidagi ehtimoliy sulh hamda XAMAS tomonidan ushlab turilgan asirlarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarga almashish yuzasidan muzokara olib bordi.
Tahlilchilar yozishicha, AQSH o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi xususida ilk bor gapirmoqda. Isroil ham hech bir rezolyutsiyada buni istamagan. Loyiha qachon ovozga qo‘yilishi hozircha noaniq.
Falastin rasmiylari 7 oktyabrdan buyon G‘azoda kamida 29 092 kishi halok bo‘lgani, 69 028 kishi yaralangani to‘g‘risida ma’lumot berdi.