Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) xabar berishicha, Saudiya Arabistoni axborot vazirligi tashabbusi bilan Ar-Riyod shahrida mamlakat Radioeshittirish korporatsiyasi va Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda uchinchi marta “Saudiya Media forumi-2024” tashkil etildi.
“OAV shakllanayotgan dunyoda” shiori ostida uch kun davom etadigan tadbirda 2000 dan ziyod sohaning taniqli arboblari, akademiklar, ekspert va mutaxassislar, mahalliy hamda xalqaro miqyosdagi 80 ta ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman media kelajagi ko‘rgazmasi – “FOMEX” (the Future of Media Exhibition) bilan boshlanib, 200 dan ortiq mahalliy va xalqaro kompaniyalar turli yo‘nalishlardagi eng so‘nggi texnologiya, innovatsiya namunalarini namoyish etishdi.
Ko‘rgazmada seminarlar tashkil etilib, media sanoati olamidagi samarador ishlanma va texnologiyalar taqdim etilgan, qatnashchilar uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish imkoni yaratilgan.
Forum raisi, Radio va televideniye korporatsiyasi bosh direktori Muhammad bin Fahd Al-Xaritiy aytishicha, ko‘rgazma OAV kelajagini shakllantirish, ishtirokchilarda ijodiy fikrlash va barqarorlikni mustahkamlash ko‘nikmasini oshirishga hissa qo‘shadi, g‘oya va bilim almashish, mahalliy va global miqyosda media kompaniyalari, institutlari ishini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA