Pillachilikka zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama etildi

409

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Ellikqal’a tumanida “Pillachilik sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” mavzusida ilmiy-amaliy o‘quv -seminar bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda hududiy “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari, agronomlar, pillachi kasanachilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda tuman hokimi V.Niyazimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari X.Ochilov va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz raisligida 12 fevral kuni qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligining barcha sohalari qatorida pillachilikni rivojlantirish istiqboli ham tilga olindi. Jumladan, pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, o‘rma tutzorlar barpo etiladi.

Tarmoqda moddiy manfaatdorlikni oshirish uchun ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tiladi. Bu yil birinchi bosqichda pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Aholiga pilla yetishtirish uchun subsidiya beriladi va pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Ikkinchi bosqichda 2025 yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga muayyan tuman va fermerlar biriktirilishidan voz kechiladi va pilla fermer bilan klaster o‘rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi.

Shuningdek, pillachilik ozuqa-yem bazasini ko‘paytirish uchun bu yil dalalar atrofida l50 million yangi navli hosildor tyt ko‘chatini ekish, Ipakchilik instituti huzurida 2 ta naslli urug‘lik stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ushbu topshiriqlar asosida sohada o‘quv-seminarlarni tashkil etish, “lider agronom ayollar” va pillakorlarni o‘qitishning tizimli shaklini yo‘lga qo‘yish, ularga o‘quv materiallarini yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

Seminar ishtirokchilariga pillani sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, ipak qurtini xonadonlarga tarqatib, o‘rma tutzorlar tashkil qilish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushunchalar berildi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri