FOTOREPORTAJ

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan xalqaro hamda respublika miqyosidagi tadbirlarni tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqimizning suyukli shoiri Ajiniyoz tavalludining 200 yilligi YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ushbu muhim voqeani yuqori saviyada o‘tkazish, yubiley tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli ishlarni belgilab olish, shuningdek, olimlar, ijodkorlar, ma’rifatparvar allomalar, soha mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari, takliflarini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan majlisni institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov olib bordi.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li qoraqalpoq xalqining ma’naviy dunyosining boyishiga katta hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir. U qoraqalpoq adabiyotida lirika, epik poeziyani rivojlantirish bilan birga, aytishuv janrining ham mahoratli ijodkori hisoblanadi. Uning Qiz Mengesh bilan aytishuvi shoirlar aytishuvining eng yorqin namunasidir.

Majlisda shoir ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, asarlarini chet tillariga tarjima qilish, shu bilan birga, ijodining yangi qirlarini ochish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish kabi masalalar yuzasidan fikrlar, takliflar o‘rtaga tashlandi.

Shuningdek, shoir maqbarasini obodonlashtirish, atrofida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘tkazish, “Ajiniyoz bog‘i”da yangi daraxt ko‘chatlarini ekish orqali uni kengaytirish, asarlarini xalqimiz, shu jumladan, yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida tanlovlar tashkil etish kabi ahamiyatli tadbirlar bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar, vazifalar belgilab olindi.

Tadbir institutning iste’dodli talabalari hamda “To‘maris” xalq ansambli a’zolari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA