Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot, Kegeyli, Taxiatosh va Chimboy tumanlarida “Yangi O‘zbekiston armiyasi mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Harbiy xizmat menga bergan imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, tuman hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda bo‘limlari xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlar ishtirok etdi.

Targ‘ibot tadbirlari doirasida “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi samimiy muloqotga boy o‘tdi. Qo‘mondon yoshlar bilan yaqindan suhbatlashar ekan, hayoti va xizmat faoliyati haqida so‘zladi. Harbiy xizmatchilarga belgilangan imtiyoz va qulayliklar, yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritib, Vatanni himoya qilish har bir yigitning muqaddas burchi ekanligini eslatdi.

Chaqiruv yoshidagilar harbiylardan muddatli va safarbarlik rezervidagi harbiy xizmatni o‘tash afzalliklari, armiyaga borishga tayyorlanayotgan nomzodlarga qo‘yilgan talablar, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish shartlari haqida batafsil javob oldi.

Muddatli harbiy xizmatni serjantlik va ofitserlik lavozimlarida shartnoma bo‘yicha o‘tayotgan harbiy xizmatchilar hamda bir yillik xizmatni o‘tab bo‘lib, ayni vaqtda o‘zini katta hayotda topa olgan yigitlar armiyada erishgan yutuqlari, “Hayot maktabi”da toblanish nima ekanligi haqida yoshlarga batafsil tushuntirdi. Armiyada ota-ona va yaqinlari qadriga yetganligi, musofirchilikning o‘ziga yarasha mashaqqatlari ularni ruhan kuchli qilib tarbiyalagani, komandirlarga bo‘ysunish va shaxsiy tarkibga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rgangani, jismonan barkamol bo‘lib, dunyoqarashi kengayganini so‘zlab berishdi.

Samimiy suhbat harbiylik haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlarning savollariga ulanib ketdi. Kimdir muddatli harbiy xizmat haqida so‘rasa, yana kimdir ofitser bo‘lish uchun qanday sinovlar kutayotgani haqida qiziqdi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi kuy va qo‘shiqlardan iborat guldasta yoshlarning kayfiyatini ko‘targan bo‘lsa, askarlar tarkibidan iborat faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan saf elementlari va qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga jangovar ruh bag‘ishladi.

Tadbir so‘nggida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi shimoliy sarhadlarida harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning xizmat faoliyatiga doir jangovar va ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlari aks etgan videorolik namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari