O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Nazarxan ovulidagi 3-sonli umumta’lim maktabida bundan 56 yil oldin ana shu maktab ostonasidan katta hayot sari qadam tashlagan sobiq bitiruvchisi bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston sudlari sudyalari, davlat va jamoat arboblari hamda faxriy sudyalar ishtirok etdi.

Hozir maktablarda o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoitni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mustaqil ishlashi, qobiliyatini rivojlantirishi uchun maxsus uskunalar bilan jihozlangan qo‘shimcha xonalar, auditoriyalar, zamonaviy tabiiy fanlar laboratoriyalari, informatika xonalari, robototexnika ustaxonalari hamda sport maydonchalari mavjud. Asosiysi, eng chekka qishloq joylardagi maktablarda ham zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Endilikda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist Paraxat Aytniyazov ham aynan ana shu qishloqdagi oddiy maktab o‘quvchisi bo‘lgan. Sinfdoshlari kabi bir olam orzular og‘ushida maktabni tamomlagach, o‘z maqsadi yo‘lidan og‘ishmay, kelajakka intildi. Uning o‘qib- izlanishi, ana shunday sabr-matonati, o‘ziga nisbatan talabchanligi bugun el-yurt hurmatini qozonishiga zamin yaratdi. Albatta, bunda maktabdagi ustozlarining xizmati beqiyos.

Inson qanday mavqe va darajaga erishmasin, bunda ustozlarning xizmati katta. Shu bois har bir inson muvaffaqiyatlari uchun ustozlardan doimo minnatdor bo‘lishi kerak. O‘tgan yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida Paraxat Aytniyazov xo‘jalikda ishchi, zavodda dispetcher bo‘lib ishladi. So‘ng Toshkent davlat universitetida, keyinroq Rossiya boshqaruv akademiyasida tahsil oldi.

U 1980 – 2020 yillarda Nukus shahar sudining stajyor sudyasi, sudya, Qo‘ng‘irot tuman sudining raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosari, Moskvada sobiq ittifoq Adliya vazirligida katta maslahatchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining boshqarma boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining katta konsultanti, O‘zbekiston Sudyalar Assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, “Do‘stlik” ordeni, “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni sohibiga aylandi. Bugungi kunda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi bo‘lish bilan birga, Xalqaro yuristlar ittifoqi muvofiqlashtiruvchi kengashi a’zosi, O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi markaziy kengashi a’zosidir.

Tadbirda inson halol va faol mehnati bilan elda aziz bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Paraxat Aytniyazovning hayoti va faoliyati barchaga o‘rnak etib ko‘rsatildi. Uchrashuvda bugungi yosh avlodga ertakday tuyuladigan og‘ir sharoitga qaramay, ustozning tinimsiz o‘qib, izlangani natijasida elning aziz insoniga aylangani qayd etildi. Bundan tashqari, o‘qituvchilikdek sharafli kasb egalariga alohida tashakkurlar aytilib, ushbu maktabdan yana tadbir qahramonidek fidoyi insonlar yetishib chiqishiga tilak bildirildi.

Tadbirda maktabga Sudyalar oliy kengashining Paraxat Aytniyazovdek faxriy sudyaga hurmat, maktab ma’muriyatiga minnatdorlik belgisi sifatida tadbir qahramoni tarjima holi zarb etilgan peshlavha hamda turli kitoblar topshirildi. Uchrashuvda xalqimizga xos bebaho qadriyatlar bo‘y ko‘rsatdi. Ayniqsa, yoshlar bu tadbirdan o‘zlariga katta taassurot olganligini yashirib o‘tirishmadi.

Hayot – shirin ne’mat. Aslida bu totli hayot turli tashvishu sinovlari bilan qiziq. Yaqinlar davrasidagi sho‘x-shodon hangomalar, ilm olish yo‘lidagi tinimsiz izlanishlar, kitob mutolaasi, yoru birodarlarning yaxshiyu yomon kunida sherik bo‘lish – bular biz yashab turgan dunyoning mazmunidir. Ana shunday tom ma’nodagi baxtli umr kechirish yosh avlodga ibrat sifatida ta’kidlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri