Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Jizzax tajribasi” asosida boshlangan “Jasorat maktabi” yig‘ini Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlari orasida ham katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda.

Yaqinda yig‘inning to‘rtinchi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. “Jasorat maktabi” yig‘inining yopilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, kuch tuzilmalari vakillari, biriktirilgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. So‘z olganlar yig‘in bitiruvchilarini samimiy muborakbod etisharkan, kelgusida hayot yo‘llarida omad va zafarlar tiladi.

Yo‘ldan adashgan, nazoratdan chetda qolgan yoshlarga ko‘mak berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan loyiha bugun minglab yoshlarning hayot maktabiga aylangan muqaddas dargoh bo‘lib xizmat qilmoqda.

Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni negizida boshlangan o‘n kunlik harbiy-vatanparvarlik yig‘in ishtirokchilari belgilangan kun tartibi asosida mashg‘ulotlarda ishtirok etib, kasb-hunar o‘rganishi, ilk harbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi. Dastlab ularning salomatligi Nukus harbiy gospitalining malakali mutaxassislari tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, harbiycha kiyimlar berildi. Ular ichki tartib-intizom, harbiycha yurish-turish hamda mashg‘ulot jadvali bilan tanishtirildi. Har bir guruhga malakali ofitser va serjantlar biriktirildi.

Mashg‘ulotlar davomida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik soatlari tashkil etilib, pnevmatik miltiqdan o‘q otish, Nukus shahridagi Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi o‘qituvchilari tomonidan kasb-hunar o‘rgatishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza etish organlari xodimlari tomonidan mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar tashkil etildi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkillashtirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida ular bilan turli sport o‘yinlari va musobaqalar, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Madaniy hordiq olishini ta’minlash uchun o‘tkazilgan konsert dasturlari, davra suhbatlari, teatr tomoshalari ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat ulashdi.

Yig‘in davomida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yoshlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan texnik va amaliy sport turlarining ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari