Beruniy tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayevning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlari hokimlari, mutasaddi vazirlik, idora rahbarlari, 200 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Uchrashuvda investitsion loyihalarni ishga tushirish, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar va eksportyor korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ular uchun barcha qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar bu boradagi choralar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Uchrashuvda ayrim soha mutasaddilarining o‘z vazifasiga e’tiborsiz qarashi va boshqa sabablarga bog‘liq uchrayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi. Har qanday investitsion, ishlab chiqarish va sanoatni rivojlantirish borasidagi loyihalar qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida bugungi kunda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar tinglandi va bildirilgan murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, ijobiy yechim topish bo‘yicha tegishli soha mutasaddilariga topshiriq berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri