Nukus garnizonida “Biz – Yangi O‘zbekiston yoshlarimiz!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi. Okrug qo‘mondonligi hamda Nukus harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ekskursiyada Xo‘jayli tumanining chegaraoldi hududida joylashgan “Amudaryo” va “Sarishungul” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi 300 nafardan ortiq yosh ishtirok etdi.

Yoshlarda Vatanning buguni va kelajagi uchun daxldorlik hissini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy armiyamizga ishonch tuyg‘usini yanada yuksaltirish maqsadida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari doirasida bo‘lib o‘tgan ekskursiyada yoshlar dastlab Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tarixi aks etgan muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi.

So‘ng yoshlar diqqatiga jangovar texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi havola etilib, harbiy mutaxassislar tomonidan milliy armiyamiz jangovar qudrati haqida ma’lumotlar berildi. Harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, harbiylar hayoti yoshlarni befarq qoldirmadi. Harbiy qismning kichik dala-o‘quv maydonida yurt himoyachilarining kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘g‘il-qizlarda qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, yoshlar uchun shu kuni harbiy qism saf maydonida askarlarning ko‘rgazmali qo‘l jangi namoyishi katta taassurot qoldirdi.

Darhaqiqat, so‘nggi vaqtlarda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, xususan, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida bugun harbiy bo‘lish istagidagi yoshlar soni ortib bormoqda. Bu borada harbiy qism va muassasalarga tashkil etilayotgan ekskursiyalarning roli muhim ekanini ta’kidlab o‘tish lozim.

Tadbir yakunida Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy prokuratura xodimlari so‘nggi yillarda yurtimizda, xususan, milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqida gapirishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari