Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovut-ota” chegara bojxona postiga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi orqali piyoda kirib kelgan fuqarolardan birining qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, hujjatlarda ko‘rsatilmagan jami 3 dona uchuvchisiz uchish qurilmasi, ya’ni dronlar borligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz hududiga uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi. Shunga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda xorijdan uchuvchisiz uchadigan qurilmalarni olib kirishga urinish holatlari uchramoqda.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri