Germaniyaning Gamburg shahrida mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat “Freestyle Chess G.O.A.T Challenge” turnirining sakkiz kunlik takrorlanmas shaxmat musobaqasi o‘z poyoniga yetdi.
Dunyoning 8 nafar eng kuchli “aql gimnastikasi” sohiblari o‘rtasidagi musobaqalarning ilk davrasidagi rapid yo‘nalishida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, klassik yo‘nalishdagi musobaqada 4-o‘rin bilan kifoyalandi.
Kecha Nodirbek 3-o‘rin uchun kechgan o‘yinning 2-partiyasida qora donalarda AQSH sharafini himoya qilgan Levon Aronyanga qarshi bahs olib bordi. Mazkur uchrashuvning 1-partiyasida durang natija qayd etilgan edi. Bu safar Nodirbekka omad kulib boqmadi. 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi va 4-o‘rin bilan kifoyalanib, turnir nizomida belgilangan 20 ming AQSH dollariga ega chiqdi.
Nufuzli turnirda munosib natijaga erishgan hamyurtimiz norvegiyalik Magnus Karlsen, amerikalik Fabiano Karuana, asli armanistonlik, hozirda AQSH bayrog‘i ostida o‘ynaydigan Levon Aronyan va musobaqada 5-o‘rindan joy olgan Fransiya vakili Alireza Firuzja qatori “Freestyle Chess G.O.A.T Challenge” turnirining 2025 yilgi bahslarida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Aytish lozim, musobaqaning klassik yo‘nalishida Karuanani dog‘da qoldirgan Magnus Karlsen g‘oliblikka erishdi. 5-o‘rin Alireza Firuzja, 7-o‘rin esa germaniyalik Kaymarga nasib qildi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA