Toshkent shahar sudida davom etayotgan “Dok-1 maks ishi”da sud tergovi nihoyasiga yetib, sudlanuvchilarga qanday jazo berilishi muhokama qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil kuz oylarida Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 maks” va boshqa dori vositalarining tekshirilmagan bir qismi dorixonalarga chiqib ketishi ortidan 68 nafar go‘dak vafot etgan, bir necha nafar bola nogiron bo‘lib qolgan.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raislik qilayotgan sud jarayonida 23 nafar shaxsning ayblilik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Navbatdagi sud majlisida advokatlar prokuror tomonidan e’lon qilingan ayblov bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma’lumot uchun: Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim prokurori Saidakrom Akilov tomonidan e’lon qilingan ayblovda “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari bo‘lib ishlagan hindistonlik S.R.P.ga uzil-kesil o‘tash uchun 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni va tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashini belgilash so‘ralgan.

Sudlanuvchilar K.S., A.A., M.N., Sh.Sh.ga 18 yildan, E.J.ga 11 yil, K.B.ga 10 yil 1 oy, M.N.ga 8 yil 1 oy, M.E.ga 5 yil, S.G.ga 3 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni va tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashni belgilash so‘ralgan.

T.F.ga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni va tayinlangan jazoni manzil koloniyasida o‘tashini belgilashni, S.S, Sh.J, J.A.ga 5 yildan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni va tayinlangan jazoni manzil koloniyada o‘tashini belgilashni, mazkur jazolarni shartli deb hisoblab, har biriga 2 yil sinov muddati belgilashni so‘ragan.

X.G.ga 5 yil, B.G.ga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, X.M.ga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni va tayinlangan jazoni manzil koloniyasida o‘tashini belgilashni, X.Sh. hamda Sh.N.ga 4 yildan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, A.Sh., F.F. hamda M.I.ga 3 yil 6 oy muddatdan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, N.F.ga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlash so‘ralgan.

R.S., B.Q., E.M.dan solidar tartibda 9 milliard 688 million 409 ming 700 so‘m soliq qarzdorligini davlat foydasiga undirish so‘ralgan.

Qilmishi nisbatan og‘ir deb hisoblanayotgan 8 nafar sudlanuvchidan 68 nafar vafot etgan va 16 nafar og‘ir tan jarohati olgan bolalarning qonuniy vakillariga 100 million so‘mdan va 2 nafar yengil tan jarohati olgan bolalarning qonuniy vakillariga 20 million so‘mdan moddiy zarar undirishni, qolgan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik tartibida sudga murojaati qilish huquqlari borligini tushuntirish qayd etilgan.

Sud majlisida so‘z olgan advokatlar Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori bo‘lib ishlagan K.S.ga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovda isbot talab qiladigan jihatlar borligini bildirdi.

Advokatlardan biri tergovda olib borilgan so‘roqlar yo‘nalishidan jinoyat ishi bo‘yicha faqat uni ayblashga harakat qilinganini ma’lum qildi. Keyinchalik muammoga sabab bo‘lgan dori vositalari bilan bog‘liq ekspertlar kengashi majlisida u ishtirok etmagani aytib o‘tildi. Mazkur majlisda tekshiruvga tushgan dori vositalarini jadvaldan chiqarish masalasi ko‘rilgan. Mas’ul shaxslar buni bajarishga va’da bergan, lekin amalda buni bajarmagan. Aksincha, o‘sha dori vositalariga oid guvohnomalarning amal qilish muddatini yana 5 yilga uzaytirib bergan.

Bu ishda kimlar, qaysi sudlanuvilar qanchalik aybdor? Bunga odil sud aniqlik kiritadi. Zero, sudda oxirgi so‘zni sudya aytadi.

Norgul Abduraimova,

Doniyor Yakubov (video), O‘zA muxbirlari