Avval xabar berganimizdek, Osiyo chempionlar ligasi 1/8 finalidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Al-Ittihod” bahsi 0:0 hisobida yakunlandi.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng, “Al-Ittihod” klubi futbolchisi N’Golo Kante o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
– Bugungi o‘yinimizdan qoniqdim. Bellashuvning birinchi daqiqalaridan to oxirigacha kurashdik. Biroq kerakli natija bo‘lmadi. Javob uchrashuvida yaxshi natija qo‘lga kiritish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Shaxsan men uchun Osiyo chempionlar ligasi yangi chaqiruv va bu musobaqada o‘zimni har tomonlama ko‘rsatishga harakat qilaman, – dedi Kante.
Eslatib o‘tamiz, kechagi “Markaziy” stadionida o‘tgan o‘yinga 26 ming 200 nafar muxlis tashrif buyurdi. Osiyo chempionlar ligasining nimchorak finalidan o‘rin olgan “Sepaxon” – “Al-Hilol” uchrashuvi 1:3 hisobi bilan yakunlandi. Klublarning javob uchrashuvi 22 fevral kuni o‘tkaziladi.
***
FIFA tomonidan milliy jamoalarning yangilangan reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi avvalgi o‘rnidan 2 pog‘onaga yuqorilab, 66-o‘rindan joy oldi. Shuningdek, Srechko Katanets jamoasi Osiyo jamoalari orasida 8-o‘ringa ko‘tarildi. Eslatib o‘tamiz, navbatdagi yangilangan reyting 4 aprel kuni e’lon qilinadi.
***
Yevropa ligasining 1/16 final bosqichida bir qator bahslar o‘tkazildi. Unda “Lans” – “Frayburg” klublari 0:0 hisobidagi durangga imzo chekdi. “Lans” klubi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Abduqodir Husanov bellashuvning 89-daqiqasida maydonga tushdi.
Shuningdek, mazkur bosqichdan o‘rin olgan bir qator uchrashuvlarda quyidagi natijalar qayd etildi:
“Galatasaroy” – “Sparta” – 3:2,
“Benfika” – “Tuluza” – 2:1,
“Milan” – “Renn” – 3:0,
“Ayaks” – “Budyo-Glimt” – 2:2,
“Makkabi Haifa” – “Gent” – 1:0,
“Betis” – “Dinamo” – 0:1,
“Servett” – “Ludogorets” – 0:0.
***
Xabaringiz bor joriy yilning 1 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi bahslariga start beriladi. Hozirda mahalliy klublarimiz yangi mavsumga turli darajada tayyorlanmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA