Sharqiy Yevropada, Boltiq dengizi bo‘yida joylashgan Litvaning poytaxti – Vilnyus shahri.
Mustaqil demokratik respublika – Litvaning amaldagi konstitutsiyasi 1992 yil qabul qilingan. Ushbu qomusga bir necha bor o‘zgarish kiritilgan. Davlat boshlig‘i – Prezident umumiy teng va to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi oliy organi – seym – bir palatali parlament. Ijro hokimiyati – hukumat.
Mamlakat ommaviy axborot vositalari orasida mahalliy tildagi kundalik gazeta “Litva aks sadosi” 1917 yildan boshlab chop etiladi. Shuningdek, “Litva tongi”, “Ona diyor”, “Uyg‘onish”, “Do‘stlik” kabi yetakchi gazeta, jurnallar, elektron nashrlar mavjud. Litvada radio 1926 yil, televideniye 1957 yil ish boshlagan.
1920 yil tashkil etilgan Litva axborot agentligi – LETA yangiliklari va tasvirlaridan turli portallar, radiostansiyalar, televideniye, respublika, viloyat va tuman matbuot nashrlari, xorijiy axborot agentliklari keng miqyosda foydalanadi.
Hukumat, parlament, vazirlik, idoralar va boshqa davlat muassasalari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar xodimlari, chet el biznes korxona-tashkilotlari vakillari, shuningdek xususiy foydalanuvchilar har kuni Agentlik saytida beriladigan asosiy yangiliklar oqimidan bahramand bo‘ladilar.
Siyosat, biznes, sport, madaniyat yangiliklari mahalliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun litva, ingliz va rus tillarida tayyorlanadi, matbuot xabarnomalar lotin alifbosiga asoslangan turli tillarda tarqatiladi.
LETA fotobanki milliondan ziyod fotosurat jamlangan arxivga ega. Agentlik ko‘p yillar davomida mamlakatdagi yagona foto yilnomachi bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham mashaqqat bilan to‘plangan bu arxiv OAV, turli muassasalar, ensiklopediya, tarix tadqiqotchilari va jismoniy shaxslar uchun juda qimmatli.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Litva o‘rtasida 1992 yil 2 sentyabr kuni diplomatik munosabat o‘rnatilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA