—
Zelenskiy Berlin, Parij va Londonga borishi mumkin
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasiga tashrifi chog‘ida Berlin, Parij va Londonga ham borishi mumkin, deya ma’lum qildi “New York Times” gazetasi.
Avvalroq “Tagesspiegel” nashri Ukraina rahbari Rossiya bilan ziddiyat avj olgandan buyon Germaniyaga ikkinchi safarini uyushtirishi mumkin, deb yozgandi. Myunxen konferensiyasi rahbari Kristof Xoysgen bayonot berishicha, tadbirga Zelenskiy bilan birga Kiyev meri Vitaliy Klichko ham taklif etilgan.
Bu tadbirlarda Ukrainaga harbiy yordamni oshirish masalasi ko‘tarilishi mumkinligi ta’kidlangan.
Xusiylar yetakchisi: Yuk kemalarining Isroil portlariga harakati
butunlay to‘xtadi!
Yaman shimolini nazorat qilayotgan “Ansor Alloh” harakati harbiy-dengiz kuchlari Aden bo‘g‘ozida Isroil portlariga ketayotgan yuk kemalari harakati butunlay to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu haqda xusiylar yetakchisi Abdul Malik Al-Xusiy xalqqa murojaatida aytib o‘tgan.
– Shu hafta dushmanimiz Isroilga aloqador biror kema Aden bo‘g‘ozidan o‘ta olmadi, bu katta g‘alaba, haqiqiy yutuq, shuningdek Yaman harbiy-dengiz amaliyoti samarali ekanining isboti, – dedi u.
Davlat departamenti ekspertlari Ukrainaga keladi
AQSH Davlat departamenti Ukraina hukumatiga harbiy-sanoat majmuasini rivojlantirishda yordam berish uchun mart oyida Kiyevga ekspertlar guruhini jo‘natmoqchi, deb bayonot berdi davlat kotibining harbiy-siyosiy ishlar bo‘yicha yordamchisi Jessika Lyuis.
– Kelasi oy Davlat departamenti Amerika tinchlik instituti (USIP) bilan birga Kiyevga ekspertlar guruhini jo‘natadi, – dedi u. – Safardan maqsad Sanoatning strategik yo‘nalishlari vazirligiga mamlakat harbiy-sanoat tarmog‘ini muvofiqlashtirish, boshqarish va nazorat qilishda ko‘maklashish.
YeI o‘z yadroviy soyabonini yaratmoqchi
Yevropa Ittifoqi tizimida Amerikaning o‘rnini bosuvchi yadro soyabonini yaratish qit’a darajasida muhokama mavzusiga aylanishi mumkin, dedi Yevroparlament prezidenti o‘rinbosari Katarina Barli “Tagesspiegel” nashriga bergan intervyusida.
– Agar AQSH kelgusida Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatsa, ushbu vazifani Yevropa o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi, – dedi u. – YeI umumiy armiya yaratish uchun “Osmon qalqoni” (European Sky Shield) havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini tashkil etishi va qurol xaridini kelishib olishi lozim.
Odil Reno-Basso: YeIning Ukrainaga yordami “Marshall rejasi”dan kuchli
YeI Ukrainaga ajratayotgan mablag‘ AQSH Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa mamlakatlariga “Marshall rejasi” doirasida ko‘rsatgan moliyaviy yordam miqdoridan ko‘p, dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina tashqi yordam vositasida mamlakat byudjetining 50 foizini olgan.
2022 yil avgust oyida GFR kansleri Olaf Shols ham Ukrainani tiklash ko‘lami “Marshall rejasi”dan ko‘ra salmoqli bo‘lishi va milliard-milliard yevroni tashkil qilishini ta’kidlagan.
NATO a’zolarining uchdan ikki qismi
mudofaa xarajatini YAIMga nisbatan 2 foizga yetkazadi
NATO tarkibidagi aksar mamlakatlar o‘z mudofaa xarajatini sezilarli darajada oshirishni ko‘zlamoqda, deb yozdi “Financial Times” gazetasi.
Ma’lumotga ko‘ra, NATO yaqin kunlarda 31 a’zo davlatning 18 tasi joriy yil ushbu ko‘rsatkichni YAIMga nisbatan 2 foizga yetkazishini ma’lum qiladi. Ta’kidlanishicha, Alyans standarti shuni talab qiladi.
Eronda bosh gaz quvuri portlagan
Eron markazidagi Berujin shahrida bosh gaz o‘tkazish quvuri portlab, yong‘in chiqqan. Hodisa oqibatida jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q, deb xabar tarqatdi “Mehr” axborot agentligi.
Mer Fattoh Karimiy ta’kidlashicha, yong‘in quvurdagi bor gaz yonib tugagunga qadar davom etadi. Hozir Berujindan gaz yetkazib berish to‘xtagan.
AQSH Rossiya va Ukraina bo‘yicha
muzokara olib borilayotgani haqidagi xabarni rad etdi
AQSH Davlat departamenti Vashington Ukrainadagi mojaroni muzlatish masalasida Moskva bilan muzokara olib borayotgani haqida matbuotda tarqalgan xabarni rad etdi, deb yozdi “RBK” nashri.
Avvalroq “Reuters” agentligi, go‘yoki, Rossiya tomoni mojaroni to‘xtatish taklifi bilan AQSHga murojaat qilgani haqida yozgan edi.
S.Rahimov, O‘zA