Indoneziya fuqarolari – mamlakatdagi 204 millionga yaqin saylovchi umumiy saylovda ovoz berish orqali yangi prezident, vitse-prezident, tuman rahbarlari va gubernatorlarni saylash hamda parlament tarkibini aniqlash uchun saylov uchastkalariga borishyapti.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, ovoz berish soat 07:00 da boshlanib, 13:00 da yakunlangan, ammo qator hududlarda noqulay ob-havo sharoiti va kuchli yomg‘ir sabab saylov uchastkalari kech ochilgan. Bo‘ron va suv toshqini tufayli 10 ta qishloqda saylov qoldirilgan.

Qayd etilishicha, ovozlarni sanash allaqachon boshlangan, natijani rasamn e’lon qilish bir oyga cho‘zilishi mumkin.

Agar nomzodlardan biri 50 foizdan ko‘p ovoz ololmasa, 26 iyun kuni saylovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.

10 fevral kuni saylov kampaniyasi rasman yakuniga yetgan. Indoneziya prezidentligi uchun uch nomzod – amaldagi mudofaa vaziri Prabovo Subianto, Markaziy Yava sobiq gubernatori 55 yoshli Ganjar Pranovo va Jakarta sobiq gubernatori Aniyes Basvedan da’vogarlik qilmoqda.

Mamlakatning amaldagi yetakchisi Joko Vidodoning o‘g‘li Gibran Rakabuming Raka yangi vitse-prezident bo‘lishi kutilyapti.