Mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi!” huquqiy aksiyasi doirasida Chimboy tumani “Abat” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqarolarga qariyb 30 yildan so‘ng nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassislarining ta’kidlashicha, joriy yilning 20 martiga qadar o‘tkazilayotgan mazkur huquqiy aksiya doirasida tug‘ilishi qayd etilmaganligi oqibatida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan, yaqin qarindoshining o‘limi qayd etilmagan, tug‘ilganligi yoki yaqin qarindoshining o‘limi haqidagi tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lmaganligi sababli yuridik faktni belgilash yuzasidan sudlarga murojaat qilishi lozim bo‘lgan shaxslarga yordam berilmoqda.

Chimboy tumani “Abat” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 1965 yilda tug‘ilgan J.D. hamda 1966 yilda tug‘ilgan U.Sh. shu davr mobaynida bir oila bo‘lib yashab kelib, nikohi qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lmagan. Chimboy tumani adliya bo‘limi hamda tuman FHDYO bo‘limi mutaxassislari tomonidan ularga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.

Aksiya doirasida tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri