Joriy yilda Fransiya poytaxti Parij shahrida XXXIII yozgi olimpiada hamda XVII paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ayni kunda mamlakatimiz sportchilari mazkur sport musobaqalariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda sportni rivojlantirish, yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, yangi-yangi sport inshootlari barpo etish, sport muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada yurtimiz sportchilari xalqaro sport musobaqalarida, xususan, olimpiada va paralimpiada o‘yinlarida yuqori natijalarga erishmoqda. Ana shu yutuqlarga andijonlik sportchilar ham munosib hissa qo‘shmoqda.
– O‘tgan yili Xitoyning Guanjou shahrida o‘tkazilgan yozgi Osiyo o‘yinlarida andijonlik sportchilar tomonidan 5 ta, Paraosiyo o‘yinlarida esa 7 ta, jami 12 ta medal qo‘lga kiritilgan, – deydi Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov. – Sportchilarimiz Parij olimpiadasi va paralimpia o‘yinlarida bundanda ko‘proq medallarni qo‘lga kiritish uchun astoydil harakat qiladi. Buning uchun ayni kunda ana shu o‘yinlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Viloyatdagi mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalangan holda xalqaro sport maydonlarida mamlakatimiz nufuzi va obro‘sini yanada mustahkamlash maqsadida olimpiada va paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha viloyat hokimi boshchiligida tuzilgan komissiya tomonidan olimpiada o‘yinlariga litsenziya olgan, shuningdek, ana shu o‘yinlarga litsenziya beruvchi musobaqalarda ishtirok etuvchi sportchilarni musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha respublika sport federatsiyalari bilan hamkorlikda zarur ishlar olib borilmoqda.
Olimpiada sport turlariga kiritilgan 25 ta sport federatsiyasi viloyat bo‘limlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida har bir federatsiya viloyat bo‘limiga viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat tashkilotlarining rahbarlari mas’ul etib biriktirilgan.
Hozirga qadar Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiada o‘yinlariga 1 ta, paraolimpiya o‘yinlariga 3 ta, jami 4 ta litsenziya qo‘lga kiritildi. Ya’ni boks bo‘yicha olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov, yengil atletika bo‘yicha paralimpiyachilar Boburjon Omonov, Qudratullo Ma’rufxo‘jayev, Temur Giyasov ana shu musobaqalarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana 17 nafar andijonlik sportchi litsenziya taqdim etuvchi musobaqalarda ishtirok etadi.
– O‘tgan hafta Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha kichik jahon chempionati maqomini olgan “Strandja – 23” xalqaro turniri yakunlandi, – deydi boks bo‘yicha jahon va olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov. – Turnirda o‘zbekistonlik bokschilar 7 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza, jami 18 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Turnirda men ham oltin medalga sazovor bo‘ldim. Finalda Argentina vakilini 5:0 hisobida mag‘lub etdim. Ishonchim komilki, yozda bo‘lib o‘tadigan Parij olimpiadasida nafaqat bokschilarimiz, balki boshqa sport turlari bo‘yicha ham sportchilarimiz g‘oliblar qatoridan joy oladi, yuqori natijalarga erisha oladi. Shu jumladan, andijonlik sportchilar ham olimpiada o‘yinlarida munosib ishtirok etib, yurtimiz shuhratini yanada yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Olimpiada o‘yinlariga litsenziya olish imkoniyatiga ega bo‘lgan sportchilarning muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boks, og‘ir atletika, suzish, yengil atletika, qilichbozlik majmuasida qilichbozlik, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bazasida o‘q otish hamda viloyatdagi maxsus maktab-internatlarning sport zallarida ular uchun zarur sharoitlar yaratib berilgan. Shuningdek, ularga o‘z murabbiylaridan tashqari, viloyatda faoliyat olib borayotgan malakali va tajribali murabbiylar ham biriktirilgan.
Umuman, viloyatda sportchilarga yaratib berilayotgan zarur shart-sharoit va keng imkoniyatlar natijasida ular erishayotgan yutuqlar salmog‘i ham yildan-yilga ortib bormoqda. Birgina 2023 yilning o‘zida andijonlik sportchilar O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida 3 ming 666 ta, shundan 980 ta oltin, 1 ming 242 ta kumush, 1 ming 444 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Osiyo, jahon chempionatlari va boshqa xalqaro turnirlarda 108 ta, shundan 38 ta oltin, 28 ta kumush va 42 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun viloyatda sportchilarni olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga munosib tayyorlash, ularning musobaqalarda munosib ishtirok etishi uchun zarur ishlar olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Muhammad AMIN (surat), O‘zA muxbirlari